AOKAda Kadastr agentligi tomonidan (O‘RQ-937-sonli) O‘zbekiston Respublikasining qonuni ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, yangi qonunga asosan bugungi kunga qadar ishlar jadal olib borilmoqda. Xususan, o‘zboshimcha qurilgan uy-joylarga huquqlarni e’tirof etish ishlari raqamlashtirildi. Ya’ni, xatlov ishlarini olib borish uchun “Xatlov” tizimi, hujjatlarni kelishish uchun “E’tirof” tizimi ishga tushirildi. “E’tirof” tizimi 6 ta davlat tashkilotiga integratsiya qilinib, 22 ta idoraning 4 ming nafar xodimiga foydalanish imkoni yaratildi.
—Qonunga asosan hokimlar bilan birga mahallabay xatlov o‘tkazish rejasi tasdiqlanib, xatlov ishlariga 4,5 mingta kadastr xodimi jalb qilindi, — deydi Kadastr agentligi direktori Mirsaid Mirmaksidov. — Hozirda 1 ming 124 ta mahalla chegaralariga aniqlik kiritildi. 2026 yilda 9 ming 452 ta mahalla chegarasini belgilash to‘liq yakunlanadi.
[gallery-23458]
Avvalgi xatlovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning oldini olish maqsadida xatlov ishlari 2 bosqichda (dala va kameral ishlar) amalga oshirilmoqda.
Xatlovda hujjatsiz ob’ektlar bilan birga, hujjati bor ob’ektdagi o‘zgarishlar ham o‘rganilmoqda. Ya’ni, umumiy xatlov o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunga qadar 300 ming 737 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, qonun doirasida o‘rganilishi lozim bo‘lgan 121 ming 416 ta ob’ekt vakolatli tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun kiritildi. Shundan, 91 ming 537 tasi vakolatli tashkilotlarda muhokamada, 13 ming 749 tasi jamoatchilikka e’londa, 9 ming 842 tasi adliyada xulosa olishda turibdi. 235 ta ob’ekt xalq deputatlari Kengashida ko‘rib chiqilmoqda va 389 ta ob’ektga xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari bilan huquqlar e’tirof etildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, yangi tizimda 5 bosqichli jarayon amalga oshirilgan. Mahallalar chegarasini aniqlash borasida 2024–2025 yillarda 3 ming 799 ta mahallada xatlov o‘tkazilishi belgilangan. Avvalgi xatoliklar takrorlanmasligi uchun yangi uslubiy yondashuv va huquqiy asoslar ishlab chiqildi. 2 000 ta mahalla aniq chegaralanib, “UZKAD” tizimiga kiritildi. Ikkinchi bosqichda 3 000 ga yaqin xodim ishtirokida 300 mingdan ortiq ob’ekt joyida o‘lchanib, hujjatlar shakllantirildi. Har bir ob’ekt bo‘yicha yig‘ma jildlar tuzilmoqda. Ishlar “Xatlov” axborot tizimida yuritilmoqda.
Uchinchi bosqichda 219 mingdan ortiq ob’ekt “Xatlov”dan “UZKAD” tizimiga o‘tkazildi. “UZKAD” — davlat tomonidan kafolatlangan yagona axborot tizimi bo‘lib, ko‘chmas mulklar haqidagi barcha ma’lumotlar shu tizimda. 193 mingdan ortiq ob’ekt tizimda faollashtirildi. Har bir ob’ekt bo‘yicha 8 bosqichli tekshiruv va ma’lumotlar kiritish ishlari olib borilmoqda. 35 turdagi texnik-huquqiy ko‘rsatkichlar tizimga kiritilgan.
“E’tirof” axborot tizimi orqali ob’ektlar idoraviy muhokamaga chiqarilmoqda. 122 ming ob’ekt muhokamaga yuborilgan, 13 mingdan ortig‘i jamoatchilik muhokamasiga chiqdi. 539 ob’ekt bo‘yicha ijobiy xulosa berildi, 221 tasi uchun to‘lovlar amalga oshirildi, 389 tasi bo‘yicha mahalliy Kengashlar qaror chiqardi.
Mazkur tizim nafaqat ko‘chmas mulklarni huquqiy muhofaza qilish, balki yurtdoshlarimizga barqaror yashash, tadbirkorlik qilish, kredit olish imkoniyatlarini yaratadi. Jarayon davom etmoqda va barcha viloyat, tuman, shaharlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Sh.Mamaturopova,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA