Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
Tojikistonning “Avesta” axborot agentligi saytida e’lon qilingan “O‘zbekiston elchisi mamlakatning SHHTdagi faoliyati haqida gapirdi” sarlavhali materialda mamlakatimiz elchixonasida bo‘lib o‘tgan siyosiy tadbir keng yoritilgan.
Muallif mamlakatimizning 2021-2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga e’tibor qaratadi. Masalan, so‘nggi besh yil davomida SHHT darajasida O‘zbekiston tomonidan 50 ga yaqin dolzarb tashabbus ilgari surilganini yozadi.
“Avesta” muxbiri diplomatik vakolatxonada o‘tgan davra suhbati chog‘ida Tojikistondagi elchimiz Ergash Shoismatov urg‘u bergan boshqa ko‘plab masalalarni ham sharhlagan:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ma’ruza qilgandi. O‘shanda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya tizimini bog‘lash, qambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilish vazifasi belgailangan.
Axborotda, shuningdek, SHHT maydonida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan Kompleks dastur va Qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqilayotganiga alohida ahamiyat berilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston raisligi doirasidagi SHHT sammiti Samarqand shahrida sentyabr oyida bo‘lib o‘tadi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA