English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekning munis shoirasi
12:41 / 2022-10-26

Atoqli shoira, jurnalist Sharifa Salimova o‘zbek she’riyatida samarali ijod qilayotgan qalamkash ayollarning yorqin timsolidir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida xalqimizning suyukli shoirasi tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ijodiy kecha tashkil etildi.

Tadbir avvalida shoira hayoti, faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

Tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Qaxramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyot ravnaqi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi raisi Malikaxon Qodirxonova, ustoz jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, taniqli shoira Farida Afro‘z va boshqalar Sharifa Salimova ijodi, jonkuyar ziyoli sifatidagi serqirra faoliyati xususida batafsil so‘z yuritdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shoira, adiba, publitsist Sharifa Salimovaning ilk she’rlari o‘tgan asrning 60-yillarida kitobxonlarga taqdim etilgan. Sharifa Salimovaga 1994 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan.

Shoira Sharifa Salimova 1951 yilning 30 dekabrda Toshkent viloyatining Parkent tumanida tavallud topdi. Munis onaxonlarimiz timsoliga aylangan Sharifa Salimova 1958 - 1968 yillarda maktabda o‘qib, tuman gazetasi “Sur’at”da ilk she’rlari bilan qatnashdi.

1969-1974 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgach, O‘zbekiston televideniye va radioeshittirish qo‘mitasining “Vatandosh” radiostansiyasida faoliyatini boshlaydi.

Sharifa Salimova 1987 yilgacha radioda kichik muharrirlikdan bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 1989-1994 yillarda “Saodat” jurnali va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi. Shu yillarda adibaning jamiyatning og‘riqli muammolariga bag‘ishlangan publitsistik maqolalari e’lon qilinadi.

Adabiyotshunoslarga ko‘ra, Sharifa Salimovaning ilk she’rlari 60-yillarda paydo bo‘ldi, dastlabki she’riy guldastalari “Hayot zavqi” va “Mening bahorim” nomi bilan chop etildi. Shoira ijodida “Hizr bulog‘i” (1996) alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning 550 yilligiga bag‘ishlangan. “Tongga qasam” (2002) publitsistik maqolalar to‘plamida davrimizning eng dolzarb masalalari go‘zal shoirona til bilan qalamga olinadi.

U ko‘p yillar davomida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida mas’ul vazifada mehnat qildi. Atoqli shoiramiz rus, qozoq, qirg‘iz ijodkorlaridan tarjimalar qilish bilan bir qatorda, islomshunos nemis shoiri Hadayatulloh Hyubsh she’rlarini ham tarjima qilib, “Oh, atirgul” nomi bilan nashrga tayyorlagan.

– Mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibordan behad mamnunman,- dedi atoqli ustoz shoira Sharifa Salimova. – Bunday e’tbor ijodkorlarni yanada samarali faoliyat ko‘rsatishga undaydi.

Tantanali tadbirda suyukli shoiramiz ijodidan namunalar o‘qildi. San’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

N.Usmonova, O‘zA