1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Muhtaram opa Hasanovani Sirdaryo viloyatida ko‘pchilik yaxshi taniydi. Sababi u Boyovut tumanidagi 19-umumta’lim maktabida 25 yildan buyon rahbar bo‘lib ishlaydi. Uning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib baholangan. Qariyb 44 yillik mohir pedagog “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.
Maktabning maqtagulik, ibratli, ko‘z-ko‘z qilsa arziydigan ishlari ko‘p. O‘quvchilar bu dargohda 16 turdagi kasb-hunarga o‘rgatilib, 24 xil fan va sport to‘garagida o‘z bilimlarini, mahoratini oshiradi. O‘quvchilari respublika, MDH davlatlaridagi fan olimpiadalarida ko‘p marotaba g‘olib bo‘lishgan. So‘nggi yillarda maktabning 100 nafar sportchi o‘quvchisi O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
[gallery-13744]
O‘zbekiston Respublikasida “Eng obod ta’lim muassasasi” deya e’tirof etilgan mazkur dargohda bog‘ yaratish bo‘yicha azaldan o‘ziga xos boy tajriba ham bor.
Tashlandiq yer maydonini bog‘-bo‘stonga aylantirish borasida ancha mehnat qilingan. Shu bilan birga turli navdagi ko‘chatlar yetkazish bobida ham maktab jamoasi ko‘plarga o‘rnak bo‘lmoqda. Maktab jamoasi so‘nggi uch yil mobaynida tuman tashkilotlariga 500 ming tup ko‘chat sotib, 200 million so‘mga yaqin mablag‘ jamg‘ardi. Ayni vaqtda bu yerda 12 ming tupga yaqin 18 turdagi manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Viloyatning olis qishlog‘idagi oddiy maktabning shuncha muvaffaqiyatga erishishida Muhtaram opa va ahil, mehnatsevar jamoasining xizmati katta.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/47guem_kdtE" title="Ўзбекнинг бахтиёр аёлиман" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Boyovut tumanidagi eng obod ta’lim maskanida bo‘lib u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi va o‘qituvchi, murabbiylar bilan suhbatlashdi.
–Men o‘zbekning baxtiyor ayoli, o‘qituvchisiman, – deydi opa. – Vatanimning yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldim. Yana ham ahamiyatlisi, mukofotlarni davlatimiz rahbari ko‘ksimga qadab qo‘yganlar. Bunday e’tibor va yuksak rag‘batni sevimli jamoam va barcha sirdaryolik ustozlarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnatlari samarasi deb bilaman.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev, (surat), O‘zA muxbirlari.