French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zbekning ayasi" nomli xotira kechasi tashkil etildi (+video)
10:44 / 2025-06-06

O‘zbekiston xalq artisti, "o‘zbekning ayasi" nomini olgan el suygan san’atkor Lutfixonim Sarimsoqova 1896 yil Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. Uning professional sahnadagi faoliyati 1925 yilda Qo‘qonda boshlangan. So‘ngra Andijon, Marg‘ilon teatrlarida faoliyat yuritgan.

Ijodiy faoliyatini Muqimiy nomidagi teatrda davom ettirgach, muxlislar e’tiboriga tushgan.

Lutfixonim Sarimsoqova har bir rolini mahorat bilan talqin etgan. Aktrisaning yuz ifodasi, mayin tabassumi o‘zbek onalariga xos mehridaryolikni tasvirlaydi. Bejizga Lutfixonim Sarimsoqovaga "o‘zbekning ayasi", degan ta’rif berilmagan.  

Ayniqsa, uning “Sen yetim emassan” filmidagi Fotima xola obrazi muxlislar qalbida chuqur hurmat qozongan. Sevimli aktrisamizni xotirlash, u yaratgan obrazlarni yoshlar qalbiga singdirish maqsadida joylarda xotira kechalari tashkil etilmoqda.

Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti o‘zbek teatr va kino san’atining yorqin yulduzi, betakror iste’dod sohibasi Lutfixonim Sarimsoqovaning yorqin xotirasiga bag‘ishlab  “O‘zbekning ayasi” nomli xotira kechasini tashkil qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Lutfixonim Sarimsoqova ijro etgan rollari orqali mehribon, samimiy, fidoyi, irodali, bolajon, qat’iyatli va jasur onalar obrazida gavdalangani xususida fikr-mulohazalarini bildirishdi.  

—Lutfixonim Sarimsoqova nomini eshitgan har bir vatandoshimiz tasavvurida ona siymosi gavdalanadi, — deydi San’atshunoslik fanlari doktori, kinoshunos Nigora Karimova. — O‘zining 70 yillik ijodiy faoliyati davomida sahnada ham, ekranda ham onalar obrazini yaratdi. U yaratgan obraz har bir kino muxlislari qalbini cherta olgan.

Shuningdek, tadbir davomida aktrisa yaratgan obrazlardan lavhalar namoyish etildi. San’atkorlar tomonidan onani madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OkYSEogUdeI" title="&quot;O`zbekning ayasi&quot; nomli xotira kechasi tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA