Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zbekneftgaz"ning "INNOPROM-2025"da ishtiroki xalqaro hamkorlikka imkoniyat yaratdi
15:26 / 2025-07-16

Yaqinda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida “INNOPROM-2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ko‘rgazma doirasida “Made in Uzbekistan” milliy stendida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etdi.  

Jamiyat axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu nufuzli tadbir O‘zbekiston sanoati va innovatsion salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish hamda tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.  

E’tiborlisi, ko‘rgazma davomida “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarayotgan mahsulotlari xalqaro kompaniyalar va tadbirkorlar tomonidan katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Tashrif buyurgan xorijiy delegatsiyalar bilan o‘tkazilgan muzokaralarda jamiyat va uning tarkibidagi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik imkoniyatlari va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.  

Shuningdek, Xitoyning “YIGEQI” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda neft va gaz korxonalari uchun nazorat-o‘lchov asbob-uskunalarini hamkorlikda ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.  

Tomonlar bu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan yaqin kelajakda qo‘shma uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.  

Ko‘rgazmada ishtirok etish “O‘zbekneftgaz” AJ uchun xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi bozorlarga chiqish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA