O‘zbekistonda aviatsiya sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ekologiyaga ta’sirni kamaytirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda milliy kompaniyalar va dunyodagi yetakchi korporatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va qo‘shma loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu ishlar doirasida kuni kecha “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va “Boing” kompaniyasi mas’ullari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda ikki kompaniya o‘rtasidagi munosabatlar yangi mazmun bilan boyitilishi, amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslar doirasida innovatsion yechimlar joriy etilishi ta’kidlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi davomida “Uzbekistan Airways” va “Boing” kompaniyalari o‘rtasida imzolangan muhim kelishuv O‘zbekiston aviatsiya tarmog‘i rivojida yangi sahifa ochgani qayd etildi.
Muloqot jarayonida “Boing” kompaniyasi mutaxassislari SO₂ chiqindilarini aniq hisoblash va ularni qisqartirishga mo‘ljallangan interaktiv onlayn model haqida ma’lumot taqdim etdi. Bu dastur orqali chiqindilar miqdorini monitoring qilish va barqaror yechimlarni ishlab chiqish imkoni yaratiladi.
Shu bilan birga, mehmonlarga “O‘zbekneftgaz” korxonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan “Jet A-1” aviayoqilg‘i hamda “Uzbekistan GTL” bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan yarim sintetik “Jet A-1 SSF” mahsuloti haqida ma’lumot berildi. Ushbu turdagi yoqilg‘ining xalqaro talablarga javob berishi va ekologik jihatdan ustunligi aytib o‘tildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, “Boing” kompaniyasi 2022 yil sentyabr oyida yarim sintetik “Jet A-1” yoqilg‘ini tijorat parvozlarida qo‘llash uchun rasman tasdiqlagan edi. Bu esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini yana bir bor isbotlaydi.
Muloqot davomida barqaror aviayoqilg‘i (SAF) ishlab chiqarish yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalar, shuningdek, SO₂ chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha tahlil etildi.
Shundan so‘ng mehmon tomon “O‘zbekneftgaz” AJ amalga oshirayotgan ilmiy-texnik yutuqlarni xalqaro maydonlarda namoyish etish tashabbusi bilan chiqdi.
Uchrashuv kuniga ko‘ra, tomonlar hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA