Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zbekneftgaz" AJda xalqaro sifat menejment tizimini joriy etish nima beradi?
14:16 / 2025-11-28

Neft va gaz sohasi - mamlakat iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri. Bu sohada samarali boshqaruv, yuqori sifatli xizmatlar va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish korxonalar raqobatbardoshligini oshirish, resurslarni samarali taqsimlash va mijozlar talablarini qondirish imkonini beradi.

Ayniqsa, bu jarayonda xalqaro standartlarga asoslangan sifat menejment tizimlarini joriy etish nafaqat boshqaruvning samaradorligini oshiradi, balki sohada sifat madaniyatini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

"O‘zbekneftgaz" AJ axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov bu borada olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi:

– "O‘zbekneftgaz" AJda boshqaruv samaradorligini oshirish, jarayonlarni soddalashtirish va mijozlar ehtiyojlarini yanada to‘liq qondirish maqsadida ISO 9001:2015 xalqaro sifat menejment tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tashabbus korxonaning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos kelib, sifat madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, ISO 9001:2015 tizimi yordamida boshqaruv jarayonlari takomillashtiriladi va barcha tarkibiy bo‘linmalar faoliyati yagona standartlar asosida uyg‘unlashtiriladi. Bu esa korporativ boshqaruvni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish imkonini beradi.

Mazkur tizimni joriy etish korxona uchun bir qator muhim afzalliklar beradi. U boshqaruv jarayonlarini standartlashtirish va ularni samarali boshqarish imkonini yaratadi. Buning natijasida korporativ boshqaruv sifat madaniyati darajasiga ko‘tariladi. Xatar va risklar aniqlanib, ularga barqaror yechimlar topiladi hamda mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati oshiriladi. Bu esa nafaqat ichki faoliyatni yaxshilaydi, balki xalqaro hamkorlikda korxonaning raqobatbardoshligini ham kuchaytirib, uning uzoq muddatli rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Bugungi kunda ushbu tizimni joriy etish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ va “Global Management Consult” MCHJ orasida hamkorlik o‘rnatilgan. Markaziy apparat xodimlari uchun tashkil etilgan amaliy treninglarda ISO 9001:2015 standartining asosiy tamoyillari, jarayonlarga yo‘naltirilgan boshqaruv, riskka asoslangan yondashuv kabi masalalar bo‘yicha chuqur bilimlar berilmoqda.

Mashg‘ulotlarda xodimlarga sifat siyosati shakllantirish, SMT hujjatlarini to‘g‘ri yuritish, jarayonlar samaradorligini baholash, ichki auditlarga tayyorgarlik ko‘rish va ko‘rsatkichlar monitoringini yo‘lga qo‘yish kabi amaliy yondashuvlar o‘rgatiladi.

Treninglarning asosiy maqsadi esa xodimlarda ISO 9001:2015 talablariga mos fikrlash madaniyatini shakllantirish, jarayonlarni boshqarishda yagona yondashuvni mustahkamlash va tizimni joriy etish bosqichlarini izchil amalga oshirishni ta’minlashdan iborat.

O‘zA muxbiri 

Nasiba Ziyodullayeva

 yozib oldi.