Toshkentda “O‘zbekneftgaz” AJda “S&P Global Ratings” agentligi va “UzAssets” AJ vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda kompaniyaning rivojlanish strategiyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, uglevodorodlarni qazib chiqarish va qayta ishlashni kengaytirish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish tamoyillari asosida ESG maqsadlariga erishishga ham e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ milliy energetika sohasida yetakchi va mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘ringa ega. Kompaniya zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va resurslardan samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratayotir. Buxoro NQIZda modernizatsiya ishlari izchil davom etmoqda, “Uzbekistan GTL” zavodi esa to‘liq quvvatda barqaror ishlamoqda. Moliyaviy ko‘rsatkichlar ijobiy o‘sishda bo‘lib, ishlab chiqarish hajmlari oshyapti.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, kompaniya “UzAssets” bilan hamkorlikda transformatsiya jarayonlarini raqamlashtirish va optimallashtirish, zamonaviy korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish ishlarini amalga oshirmoqda. ESG tamoyillari doirasida uglerod chiqindilarini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va barqaror rivojlanishga sodiqlik hamda uzluksizlik asosiy maqsadlardan hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA