Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekneftgaz” AJ xalqaro investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda
09:55 / 2025-10-08

O‘zbekistonda neft-gaz sohasini rivojlantirish, investitsiya muhitini yanada takomillashtirish va xalqaro moliya institutlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.

Bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va xorijiy investorlar o‘rtasida muloqot maydonlari tobora faollashmoqda.

Shu munosabat bilan kuni kecha “O‘zbekneftgaz” AJda Buyuk Britaniyaning yetakchi moliya muassasasi - “Barclays” banki hamda bir qator nufuzli xalqaro investitsiya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda “Wellington Management”, “Ashmore Group”, “JP Morgan Asset Management”, “TT International Investment Management”, “William Blair & Company”  kabi yirik investorlar ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati kompaniyaning ishlab chiqarish salohiyati, moliyaviy ko‘rsatkichlari va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi haqida taqdimot o‘tkazdi. Qayd etilishicha, kompaniya nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro maydonda ham raqobatbardosh faoliyat yuritishni maqsad qilmoqda.

Investorlar kompaniyaning ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan faoliyatini yuqori baholadi hamda kelgusida hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarga investitsiya kiritish borasida qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar joriy yil noyabr oyida investorlar bilan navbatdagi onlayn muloqot - invest call’ni tashkil etish yuzasidan kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA