Bugun O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalar o‘z ishini yakunlaydi.
Ko‘rgazma doirasida bir qator muzokaralar tashkil etilib, kelishuvlarga erishilmoqda.
Haftalikning ikkinchi kuni “O‘zbekneftgaz” AJ va “Baker Hughes” kompaniyasi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar ana shunday tadbirlardan biridir.
Tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ular “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zLITIneftgaz” AJ va “Baker Hughes” mas’ul texnik mutaxassislaridan iborat ishchi guruhini tuzish hamda gaz turbinali dvigatellarni elektr yuritmali dvigatellarga almashtirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish masalasi haqida ham so‘z yuritdi.
Ta’kidlash kerakki, burg‘ilash, zaxiralarni baholash, konlarni o‘zlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi ushbu AQSHning “Baker Hughes” kompaniyasi 120 dan ortiq mamlakatda o‘z faoliyatini olib boradi.
Muloqot davomida “O‘zLITIneftgaz” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari uchun karbonat angidrid utilizatsiyasi bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar va yechimlarga bag‘ishlangan masofaviy texnik sessiya o‘tkazishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Baker Hughes” kompaniyasi o‘rtasida siquv kompressor stansiyalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA