Bugun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati binosida ushbu Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom Neft” kompaniyasi boshqaruvi raisi – bosh direktori Aleksandr Dyukov ushbu Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazining ishga tushirilishi soha ravnaqida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi to‘liq ishga tushirilishi Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosining amaliy natijasidir.
Ochilish marosimida tezkor burg‘ilash jarayonlarida masofaviy muhandislik yordamini ko‘rsatgan Rossiya Federatsiyasi Muravlenko shahrida joylashgan Quduqlarni qurishni boshqarish markazi hamda “Dengizko‘l” konidagi 326-sonli quduq bilan teleko‘prik aloqasi o‘rnatildi. Xorijiy mutaxassislar o‘z faoliyati va 326-sonli quduqni burg‘ilashda erishilgan natijalar haqida batafsil so‘zlab berdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ burg‘ilash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Elyor Mamatovning ta’kidlashicha, markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish jamiyatga quduqlarni burg‘ilash muddatini 45 foizgacha qisqartirish va ularning qurilish qiymatini 35 foizga kamaytirish imkonini beradi. Har bir quduq qurilishi uchun ko‘zda tutilgan loyihaviy qiymatdan 4 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha iqtisod qilish imkoni paydo bo‘ladi.
–Bugun tashkilotimizda Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi ishga tushirildi. Uning eng muhim vazifalaridan biri real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib borishdan iborat. Burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli markaz mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkorlik bilan aniqlash va uning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ma’lumotlarni Burg‘ilash ishlarini boshqarish markaziga yetkazish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi. Har bir burg‘ilash uskunasidan burg‘ilash rejimlarining asosiy parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida yuboriladi, internet orqali ma’lumotlar bosh ofisda joylashgan kompaniya serveriga uzatiladi. Shundan so‘ng ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlar parametrlar va diagrammalar ko‘rinishi ekranda aks ettiriladi, – dedi E.Mamatov.
[gallery-17415]
Tadbirda aytib o‘tilganidek, bugundan boshlab to‘liq rejimda ish boshlagan ushbu markaz tomonidan O‘zbekistonning chekka hududlarida joylashgan “Dengizko‘l”, “Zevarda”, “Yangi Tegirmon”, “Sho‘rtan”, “Quyi Sharqiy Berdaq” va “Quyi Surgil” konlaridagi 23 ta dastgohning burg‘ilash jarayoni onlayn 24/7 rejimida nazorat qilib borilmoqda. Mutaxassislar real vaqt rejimida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, quduqlar qurilish jarayonining samaradorligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqda.
Tadbirda mutaxassislar ishtirokchilarga Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazining ishlash tartibi va uning ahamiyat haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA