Yastanib yotgan cho‘l. Qaysi tomonga boqmang adog‘i yo‘q kengliklar, musavvir shamol chizgan bejirim qum barxanlari. Cho‘l kimsasizdek ko‘rinsada, lekin uning bag‘rida hayot qaynaydi. Uning osti esa bebaho boyliklarga to‘la.
“O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatiga uyushtirilgan navbatdagi press-turda ishtirok etarkanmiz, maxsus mashinalarda cho‘l bag‘rida joylashgan konlarga borish uchun barxanlar oralab yuramiz.
Tabiiy gaz bebaho ne’mat. Kundalik turmushimizda uning yordamida taom tayyorlaymiz, sovuq kunlarda taftida isinamiz. Lekin uning qay tarzda qazib olinishi, iste’molchilarga yetib borgungacha bo‘lgan soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini hamisha ham his qilmaymiz. Shu o‘rinda aytish kerakki, tabiiy gaz konlarining mahsuldorligi ham abadiy emas. Masalan “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli konlarning ochilishi o‘tgan asrning 70-yillariga borib taqaladi. Albatta bu gaz oxirlab qoldi ham degani emas. Yillar davomida yangi konlar ochilaveradi, quduqlar qazilaveradi. Ammo eski konlardagi bosimi tushib borayotgan konlardagi gazlardan unumli foydalanishni soha xodimlari uddasidan chiqmoqda.
[gallery-15235]
Shu bois joriy yildan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ayrim bosimi tobora pasayib borayotgan konlarda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini barqaror saqlab turish maqsadida kichik kompressor stansiyalarini qurish loyihasi boshlangan edi. Ushbu kichik stansiyalar qurilishi qisqa vaqt va kam mablag‘ talab etilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Xuddi shunday ikkita stansiya Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Cho‘lquvar” va “Girsan” konlarida ikki oy muddatda qurib, ishga tushirildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda stansiyalarning mavjud tabiiy gaz zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirishdagi xizmati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ushbu kichik kompressor stansiyalari “Cho‘lquvar” va “Girsan” konlaridan qazib olinayotgan kunlik 500 ming kub metr tabiiy gazni qazib chiqarishda barqaror ishlashni ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, “Girsan” koni 1989 yilda, “Cho‘lquvar” koni esa 2007 yilda o‘zlashtirilgan. Konlar tuzilishi jihatdan murakkab zaxiralarga ega. Uzoq yillar davomida ularning ishlatilishi qazib chiqarish hajmining pasayishi, zaxiralar va qatlam bosimining tabiiy tushishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda gazni barqaror yetkazib berishda konlarda kichik kompressor stansiyalarning o‘rnatilishi texnologik yechim hisoblanadi.
Yangi ish boshlagan kompressor stansiyalari quduqlardan kelayotgan bir atmosfera bosim ostidagi tabiiy gazni, 10 atmosfera bosimda “Pomuq” konidagi bazaviy kompressor stansiyalariga, keyin esa oltingugurt birikmalaridan tozalash maqsadida Muborak gazni qayta ishlash zavodiga 50 kilometr quvurlar tizimi orqali yetkazib berishni ta’minlaydi.
Kichik kompressor stansiyalari Xitoyning “JEREH” kompaniyasi tomonidan, kompressorlari Yaponiyaning “MYCOM” kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi. Stansiyalarni elektr energiyasini bilan ta’minlash maqsadida yuqori kuchlanishli havo elektr tarmog‘i va nimstansiyalar ishga tushirildi. Shunisi ahamiyatliki, elektr havo tarmog‘ining qurilishida zarur moddiy-texnik resurslar “O‘zbekneftgaz” AJ ichki imkoniyatidan keng foydalangan holda “Maxsusenergogaz” AJ kompaniyasi bilan hamkorlikda qisqa muddatda qurib ishga tushirildi.
“Cho‘lquvar” stansiyasi agregatlari 2023 yil dekabr oyining so‘ngi o‘n kunligida sinov muddatiga ishga tushirildi. Hozirda kompressor stansiyalarining ishga tushishidan kelib chiqib kondagi quduqlarda ishchi parametrlarni tanlash ishlari amalga oshirilmoqda.
– Muborak nefti gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Cho‘lquvar” konida quduq usti kompressor qurilmasini ishga tushirdik, – deydi Muborak nefti gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Dilmurod Qurbonov. – Bu quduq usti kompressor qurilmasi – ventli kompressor orqali gaz haydash va blokli ya’ni ko‘chirishga qulay kompressor “O‘zbekneftgaz” tizimida birinchi marta o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bu bizga nima beradi? Qisqacha aytadigan bo‘lsak, masalan konlarimiz 1978 yillardan boshlab ishga tushgan bo‘lsa, birinchi gaz qatlamdan o‘zining energiyasi bilan chiqib, o‘zining energiyasi bilan borib, tozalanib, qayta ishlanib, iste’molchilargacha o‘zining bosimi bilan yetib borgan. Vaqti soat o‘tib, gazning bosimi kamaygandan keyin sekin-sekin kompressor qurilmalariga ehtiyoj tug‘ildi. Shu bois 2005 yildan boshlab kompressor qurilmalarini ishga tushirishni boshlagan bo‘lsak, bugunga kelib 3-bosqich kompressor qurilmalarni ishga tushiryapmiz. Bu esa quduq ustidagi gazni bir kilogacha tushirib, gazni olib chiqishdagi bosimini 15 kilogacha ko‘tarib beradi, iste’molchiga yetkazib berishni ta’minlaydi. Bu qurilmaning afzallik tomonlari uzoq muddatli ya’ni 10 yilgacha ta’mir talab qilmaydi.
“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ushbu hududda faoliyat olib borayotgan korxonalar bilan o‘zaro hamkorlik natijasida “Yangi Olot” konidan qazib olinayotgan kunlik 1,5 million kub metr tabiiy gazni “Quvachi – Olot” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasida tayyorlash va quvurlar orqali birgalikda uzatish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Bunda maxsus qurilma orqali “Yangi Olot” konidan qazib olinadigan kunlik 1,5 million kub metr tabiiy gazni uzatish yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi gaz quvurini ishga tushirish bilan “Yangi Olot” va “Tegirmon” guruhi konlari gaz uzatish tizimidagi mavjud quvurlarda gidravlik qarshiliklarni kamaytirish hisobiga quduqlardan gaz qazib olishni kunlik qo‘shimcha 500 ming kub metrga oshirishga erishiladi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari