Avval xabar qilinganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan respublika aholisi ehtiyojlarini sifatli avtobenzin bilan ta’minlash maqsadida aksiyadorlik jamiyati tasarrufdagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot bilan bir qatorda, tayyor mahsulotlar ham import qilinmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida “Tatneft” (Rossiya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80-K-5 avtobenzinni import qilish bo‘yicha kelishuvga erishilib, "TANEKO" zavodidan jami 50 ming tonna AI-80-K-5 rusumdagi avtobenzini yuklab berilgan.
AI-80 avtobenzinga bo‘layotgan talabning ortib borayotganligini hisobga olib, taqchillik, uzilishlar va AYOQSHlardagi navbatlarning oldini olish maqsadida 4 fevral kunidan boshlab Jamiyat tasarrufidagi AYOQSHlar orqali import qilingan AI-80-K-5 rusumli avtobenzin sotuvga chiqarildi.
Tovar-xomashyo birjasida AI-80-K-5 rusumli avtobenzinning boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 7 168,3 ming so‘m, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli AYOQSHlarda iste’molchilarga sotiladigan yakuniy narxi bir litri uchun 6 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Fevral oyida “Tatneft” kompaniyasidan qo‘shimcha 50 ming tonna AI-80-K-5 avtobenzini xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun: Jamiyat tomonidan joriy yilning yanvar oyida “Gazprom” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 5 ming tonna AI-80-K-5 rusumli avtobenzin xarid qilinib, AYOQSHlar orqali respublikamiz iste’molchilari uchun realizatsiya qilindi.
"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati