Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekneftgaz” AJ-“SOCAR”: “Yo‘l xarita”siga asosan neft va gaz sohasida hamkorlikni kengaytiradi
20:40 / 2022-09-13

Yaqinda Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi delegatsiyasi “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tasarrufdagi ishlab chiqarish ob’ektlarida bo‘ldi.

Ikki kompaniya o‘rtasida neft va gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”siga asosan tashkil etilgan ushbu tashrif va uchrashuvlarda tomonlar sohani rivojlantirish istiqbollariga bog‘liq masalalarda so‘z yuritdi.

“SOCAR” kompaniyasi delegatsiyasi tashrifi doirasida O‘zbekistonda neft va gazni chuqur qayta ishlash sohasini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimovning ta’kidlashicha, taqdimotda neft va gazkimyo loyihalari kabi mavzular muhokama qilindi. Unda “SOCAR” kompaniyasi faoliyati yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi.

– Kompaniyalar tomonidan korporativ boshqaruv tizimini isloh qilish va transformatsiya qilish hamda raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar va faoliyat davomida erishilgan tajribalar bo‘yicha fikr almashildi, – dedi S.Hoshimov. – Delegatsiya a’zolari Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ishlab chiqarish ob’ektlariga tashrif buyurdi va korxonalarning texnologik imkoniyatlari hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

“SOCAR” delegatsiya a’zolari “O‘zbekneftgaz” AJning mintaqada va umuman mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlarida neft va gaz sanoatiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning istiqbolini yuqori baholadi. Tadbir yakunida delegatsiya a’zolari ikki kompaniya hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish va tomonlarning qiziqishlari tutashgan nuqtalarni belgilashda doimo tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, hamkorlar zamonaviy yuqori samaradorlikka ega loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJda barcha resurslar mavjud ekanligini ta’kidladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “SOCAR” kompaniyasi Ozarbayjonning yirik neft va gaz kompaniyasi. U Kaspiy dengizi mintaqasida va dunyoning ko‘plab davlatlarida o‘z faoliyatini olib boradi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA