Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"O‘zbekneftgaz" AJ: neft va gaz quduqlariga identifikatsion raqamlar berish yo‘lga qo‘yildi
10:21 / 2025-02-07

Mamlakatimiz neft va gaz sohasida raqamlashtirish jarayoni yanada chuqurlashmoqda. Ma’lumotlarni aniq va tizimli boshqarishning muhimligiga e’tibor qaratilgan holda, "O‘zbekneftgaz" AJda neft va gaz quduqlariga identifikatsion raqamlar (UWI) berish amaliyoti joriy qilinmoqda.

2019 yildan boshlab "O‘zbekneftgaz" AJda pilot loyiha sifatida boshlangan ushbu ish, mutasaddilarning innovatsion yondashuvi tufayli tizimli ravishda rivojlanib bormoqda. Ushbu identifikatsiya kodlari har bir quduqning joylashuvini aniq kuzatish, ma’lumotlarni tizimli boshqarishga yordam beradi. Identifikatsiya kodlarini beruvchi ustanovka NGH 39.0-271:2025 raqami ostida ishlab chiqilgan va xalqaro UWI (Unique Well Identifier) standartiga asoslangan. Bu raqamli tizim nafaqat quduqlarning aniqligini ta’minlaydi, balki ularni jahon miqyosidagi dasturlar bilan integratsiya qilish imkoniyatini yaratadi.  

Shu bilan birga, bu loyiha "O‘zbekneftgaz" AJ va AQSHning “Schlumberger” kompaniyasining hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqilgan metodika nafaqat ma’lumotlarni raqamli formatda saqlash, balki ularni yangilash va boshqarish jarayonini samarali ta’minlaydi. 

Tizimning asosiy maqsadi esa neft va gaz quduqlarining xavfsiz va aniq boshqarilishini ta’minlash, real vaqt rejimida ma’lumotlarni olish va ekspluatatsiya jarayonini samarali tashkil qilishdir. Bu nafaqat resurslarni boshqarish, balki milliy hamda xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini yaratadi.  

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA