Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan “Siemens Energy” kompaniyasi dunyodagi yirik energiya texnologiyalari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. 2020 yili kompaniya “Siemens AG” tarkibidagi energetika bo‘limi negizida mustaqil tashkilot sifatida faoliyat boshlagan.
Kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashga qaratilgan texnologiyalar, gaz va bug‘ turbinalari, generatorlar, kompressorlar hamda nasoslar ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, turli sanoat sohalari uchun energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlar ishlab chiqishda ham faol ishtirok etadi. “Siemens Energy” kompaniyasi yashil energetika, qayta tiklanuvchi manbalar, vodorod texnologiyalari va uglerodsizlashtirish sohalarida yetakchi o‘rinni egallaydi.

Hozirgi kunda kompaniya tomonidan SGT-100, SGT-300, SGT-400 kabi kichik va o‘rta quvvatli, shuningdek, SGT-700, SGT-750 va SGT-800 kabi yuqori samaradorlikka ega sanoat gazturbinalari ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya dunyo bo‘ylab 90 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va 90 mingdan ziyod mutaxassisni ish bilan ta’minlagan.
Yaqinda Shvetsiyaning Norchyoping shahrida “Siemens Energy” tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari ham ishtirok etdi. Tadbir davomida kompaniya ishlab chiqarayotgan SGT turkumidagi gazturbinalari bo‘yicha amaliy taqdimotlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, turbinalarni ishlab chiqarish, yig‘ish, sinovdan o‘tkazish va ta’mirlash jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.

Konferensiya doirasida “Siemens Energy” mutaxassislari bilan hamkorlikda qator muhim masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mavjud turbinalardan samarali foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishda muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA