Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi gaz haydash agregatlarida modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda, deb ma’lum qildi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.
“O‘zbekneftgaz” AJ Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “DKS UPPBS” siquv kompressor stansiyadagi 8-, 9-sonli gaz haydash agregatlarida modernizatsiya ishlarini yakuniy bosqichlari amalga oshirilib, suyuq uglevodorodlarni ishlab chiqarishni hajmini oshirishga erishilmoqda.
Gaz haydash agregatlariga loyiha bo‘yicha Ukraina davlatining “Sumskoye NPO” AJ tomonidan yetkazib berilgan gazni havo yordamida sovutish qurilmalarini (AVO) montaj va ulash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, gaz haydash agregatlarini barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida reglament ishlari o‘tkazildi.
Ushbu siquv kompressor stansiyasining asosiy vazifasi Sho‘rtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasi Propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmalari PBAOQ-1,2,3,4,5 navbatlaridan chiqayotgan toza gaz bosimini ko‘tarib, magistral gaz quvurlarga uzatishdan iboratdir.
Siquv kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregatlaridan chiqayotgan tabiiy gaz bosimini oshirish orqali propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni ta’minlaydi.
Gazni havo yordamida sovutish qurilmalarini montaj qilib, kirish va chiqish sharli kranlarini asosiy gaz quvuriga ulash maqsadida 8-,9-sonli gaz haydash agregatlarini to‘liq normal xolatda to‘xtatildi. Montaj ishlarini o‘tkazish jarayonida gazni havo yordamida sovutish qurilmalarini yig‘ilib, maxsus avtokran yordamida fundament ustiga o‘rnatildi va maxsus boltlar bilan mahkamlandi. Shu bilan birga kirish va chiqish quvuriga sharli kranlarini paydvandlandi.
Reglament va ta’mirlash ishlarida o‘tkazish jarayonida NK-16ST rusumli gazturbinali dvigatellarining ichki qismi maxsus yuvish vosita yordamida yumshatilgan suv bilan yuvildi. Dvigatelni xavo, yoqilg‘i va moy filtrlari to‘liq almashtiriladi. Dvigatel va kompressorning barcha asosiy va yordamchi uskunalari to‘liq tekshiriladi. Shuningdek, ta’mirlash jarayonida bir qancha texnik jihatdan murakkab bo‘lgan hisoblashlar o‘tkazilib, sozlash ishlari olib boriladi.
Ushbu ishlarni amalga oshirish bilan gaz haydash agregatlarini uzluksiz, bir me’yorda ishlashi ta’minlanishiga hamda kompressorning toza gaz haydash hajmining oshishiga, shuningdek, Gazdan propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasiga uzatilayotgan tabiiy gaz harorati tushirilib, qurilmani barqaror ishlashi ta’minlandi va kunlik qo‘shimcha 20 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish oshirishga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida, “UPPBS-DKS” siquv kompressor stansiyasi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hududida joylashgan bo‘lib, 9 dona gaz haydash agregatlari mavjud va yiliga 16 mlrd kub metr tabiiy gazni haydab berish quvvatiga ega. Stansiya 2008 yilda Ukraina davlatlarining “Motor Sich ” AJ va “Sumskoye NPO” AJ larida ishlab chiqarilgan gaz haydash agregatlari o‘rnatilgan va ishga tushirilgan.
O‘zA