Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ul xodimi Gulhayo Ergasheva kompaniyaning ekologik barqarorlik yo‘lida amalga oshirayotgan ishlari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashkilot O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Jumladan, ishlab chiqarish korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish va tabiiy resurslarni tejashga qaratilgan dasturlari o‘z samarasini bermoqda.
2024 yilda jamiyat tizimidagi boshqarma va korxonalar bo‘yicha atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarning ekologik normativ miqdori 142,3 ming tonnaga belgilangan bo‘lsa, aslida bu ko‘rsatkich 73,1 ming tonnaga kamaytirildi. Ya’ni, belgilangan me’yorga nisbatan 69,2 ming tonna yoki 48,6 foizga kam tashlanishga erishildi.
Shuningdek, oqova suvlar tashlanmalarini kamaytirishda ham muhim yutuqlarga erishildi. O‘tgan yili belgilangan ekologik normativ miqdor 11,5 million metr kub bo‘lgan bo‘lsa, real ko‘rsatkich 4,3 million metr kubni tashkil qildi. Bu esa 7,2 million metr kub yoki 62,6 foizga kamayish demakdir.
Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilar hajmi ham ekologik normativga nisbatan 20,6 ming tonna kamayib, 36 foizlik iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Shu bilan birga, chiqindilarni zararsizlantirish va qayta ishlash jarayonlari faol yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, eski qozonlar o‘rnini energiya tejamkor qurilmalar bilan almashtirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish va yangi chang-gaz tozalash qurilmalarini joriy etish ishlari samarali davom etmoqda.
Tadbirda mas’ul xodim qayd etganidek, jamiyat tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilishning ilmiy ta’minotini kuchaytirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi tadbirlar tabiatga zararli ta’sirlarning sezilarli darajada kamaytirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA