Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi xalqaro anjumanda ishtirok etdi
10:03 / 2025-11-19

Neft-gaz sanoati milliy iqtisodiyotning eng strategik tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Bu sohada texnologik yangiliklarni joriy etish, raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda xavfsizlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, yaqinda Niderlandiyaning Gaaga shahrida bo‘lib o‘tgan 33-yillik “Honeywell Users Group (HUG) EMEA” konferensiyasi nafaqat zamonaviy texnologiyalarni kuzatish, balki ularni milliy amaliyotga integratsiya qilish va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Amerikaning "Honeywell" kompaniyasi taklifiga binoan “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi mazkur konferensiyada ishtirok etdi.

 Tadbir neft-gaz sanoatida texnologik o‘zgarishlarni amalga oshirish, barqaror ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ilg‘or raqamli yechimlarni qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi. Unda raqamlashtirish, sun’iy intellekt va xavfsizlikka qaratilgan innovatsiyalar, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, operatsiya xatarlarini kamaytirish va aktivlarni optimallashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli egizaklar (digital twins) texnologiyalari tahliliga alohida e’tibor qaratildi.

“Honeywell” ekspertlariga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va yangi loyihalarni amalga oshirish amaliy natijalar beradi. Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJda raqamli transformatsiya jarayonlari izchil amalga oshirilmoqda. Qazib chiqarish hajmini oshirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, analitik tizimlarni rivojlantirish hamda operatsiya jarayonlarida shaffoflikni kuchaytirish maqsadida sun’iy intellekt bilan bog‘liq loyihalar bosqichma-bosqich joriy etilyapti.

Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hamkorlikni davom ettirish maqsadida joriy yil noyabr oyi oxirida Toshkent shahrida "Honeywell" mutaxassislari ishtirokida qo‘shma seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA