Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«O‘zbekko‘mir» AJ: mavsum ta’minoti, sarhisob va kelgusi rejalar
18:24 / 2021-09-08

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan birinchi yarim yillik yakunlari va aholini kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Unda «O‘zbekko‘mir» AJ bosh direktori o‘rinbosari Erkin Yoqubov jamiyat faoliyati, tizimdagi o‘zgarishlar va kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir yetkazib berish masalasiga e’tibor qaratdi.

– Jamiyatimiz tomonidan joriy yilda 4,45 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan, – dedi E.Yoqubov. – Iste’molchilarga 4,8 million tonna qattiq yoqilg‘i yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Masalan, ijtimoiy soha ob’ektlari 450 ming tonna, aholi 985 ming tonna ko‘mir bilan ta’minlanadi. 2021 yilning yanvar-iyun oylarida kon ustini ochish ishlari 15 million metr kub yoki prognozga nisbatan 99,3 foiz bajarildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 145,6 foizni tashkil etishiga zamin yaratdi. Ko‘mir qazib chiqarishga kelsak, o‘tgan davrda 2,2 million tonna yoki prognozga nisbatan 100,4 foiz ko‘mir qazib olindi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 153,7 foizni tashkil etdi. Qazib olingan ko‘mirni iste’molchilarga yuklab jo‘natish ishlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 157,2 foiz o‘sishga erishildi.

Tadbirda jamiyat mas’ullari mahalliylashtirish dasturi doirasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Ma’lumot berilganidek, birinchi yarim yillikda 3,2 milliard so‘mlik ehtiyot qismlari ishlab chiqarilib, bu borada ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,3 foiz o‘sishga erishilgan. Shuningdek, birinchi yarim yillikda 35 yangi ish o‘rni yaratilgan. Bir ishchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik ish haqi 3 million 563 ming so‘mga yetgan.

Jamiyat tomonidan 2021/2022 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari reja asosida tashkil etilmoqda. Joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra respublikamiz ijtimoiy soha ob’ektlari mavsum uchun yetarli ko‘mir bilan to‘la ta’minlangan bo‘lsa, ayni chog‘da ko‘mir aholi ehtiyojlari uchun yetkazilmoqda.

“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 100 dan ortiq hududiy ko‘mir omborlari va savdo shoxobchalari faoliyati ko‘mirni manzillarga yetkazib berishda muhim hisoblanadi.

– Hududiy ko‘mir omborlari mavsumga shay qilingan. Ularning barchasida temir yo‘l yo‘laklari mavjud, ko‘mir mahsulotlarini o‘z vaqtida tushirib ortish ishlari tashkil qilingan. Bundan tashqari, ko‘mir omborlarida ortish ishlarini jadal amalga oshirish maqsadida ular qo‘shimcha 61 ta yuklovchi, 56 ta maxsus yuk tashuvchi transport vositasi, 89 ta tarozi bilan ta’minlandi. Xaridorlarga namunali xizmat ko‘rsatish uchun 70 nafar mavsumiy ishchi ishga qabul qilindi. Aholini ko‘mir yoqilg‘isi bilan o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha tashkiliy ishlar yetarli darajada amalga oshirildi. Xususan, respublikamizdagi ko‘mir yoqilg‘isiga ehtiyojmand aholi punktlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj aniqlangan. Shu asosda tegishli ro‘yxat shakllantirilib, mahalliy hokimliklar tomonidan “Ko‘mir ta’minot” MCHJga buyurtmalar taqdim etilgan hamda ko‘mir tarqatish jadvali tasdiqlangan. Biz ana shu buyurtma va jadval asosida aholiga uning o‘ziga yaqin ko‘mir omborlaridan yoqilg‘i sotishni tashkil etganmiz, – dedi “Ko‘mir ta’minot” MCHJ bosh direktori G‘olib Eshonchayev.

Shuningdek, tadbirda korporativ boshqaruvning yangi modellari, “Angren” va “Yangi Angren” IESlari bilan birga yakuniy mahsulot ishlab chiqarish, kon ochish, ko‘mir qazib olish va yetkazib berish hajmlarining o‘sishi, 2030 yilgacha ko‘mir qazib olishni ko‘paytirish borasida ishlab chiqilgan strategiyada belgilangan vazifalar xususida ham ma’lumot berildi.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA,

O‘zA muxbiri