Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekko‘mir" AJ: mahalliylashtirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarish hajmi 6,6 milliard so‘mga yetkaziladi
16:01 / 2021-01-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorilik jamiyatining 2020 yil yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbekko‘mir" AJ direktori o‘rinbosari Erkin Yakubov va boshqalar o‘tgan yilda tizimda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari borasida ko‘rilgan choralar tahliliga alohida urg‘u berdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2020 yilda iste’molchilarga 4,2 million tonna ko‘mir yetkazib berilgan. Joriy 2021 yildagi reja esa 4,45 million tonnani tashkil etadi.

– Ayni kunlarda aholiga ko‘mir yetkazib berish ishlari izchil davom ettirilib, mavjud 91 ko‘mir omborida 101 ming tonna mahalliy ko‘mir, 56 ming tonna import ko‘mir zaxirasi yaratilgan, – dedi E.Yakubov. – “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati sohaning yirik korxonasi sifatida Angren ko‘mir havzasidagi uchta kondan yiliga o‘rtacha 4 million tonna ko‘mir qazib olmoqda. Tayyor mahsulot iqtisodiyot tarmoqlari, byudjet tashkilotlari hamda aholi ehtiyojlari uchun yetkazib berilmoqda. Pandemiya sharoitiga qaramay, jamiyatda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari pasayishiga yo‘l qo‘yilmadi. 2020 yilda kon ustini ochish ishlari 23,1 million metr kubni tashkil qildi. Ko‘mir qazib olish 3,9 million tonna, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 101,6 foizga teng bo‘ldi. Jumladan, issiqlik elektr stansiyalariga 2,8 million tonna, aholiga 940 ming tonna, ijtimoiy soha tashkilotlariga 412,8 ming tonna, iqtisodiyotning real sektoriga 87,4 ming tonna ko‘mir yuborildi.  

Qayd etilganidek, 2020 yil iyul oyidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufida bo‘lgan 91 ko‘mir ombori, foydalanilayotgan 38 temir yo‘l yo‘lak, 86 briket ishlab chiqaruvchi uskunasi va 84 avtotarozi, shu bilan birga, yordamchi texnikalar va 2 ming nafardan ortiq ishchi-xodim «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazildi.

 – “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari tasdiqlagan “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika aholisi hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga mahalliy ko‘mir mahsulotlarini kunlik yetkazib berish jadvaliga muvofiq hududiy filiallarning ko‘mir omborlariga yetkazib berilmoqda. Ayni paytda viloyatlar hokimliklarining yozma murojaatlariga asosan aholining ko‘mirga bo‘lgan qo‘shimcha talabi ham to‘liq qondirilib, “Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan viloyatlardagi omborlari qo‘shimcha yana 100 ming tonnadan oshiq ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Respublikasidan 82 ming tonna import ko‘mir mahsulotlari olib kirildi va aholiga sotildi.

2020 yilning 2-4 noyabr kunlari Namangan viloyatida, 12 noyabr kuni Samarqand viloyatida o‘tkazilgan sayyor ommaviy qabullar natijasida ushbu viloyatlar tumanlari aholisining murojaatlariga ma’muriyat tomonidan qo‘shimcha ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘ hamda Dehqonobod tumanlaridagi, Buxoro viloyatining G‘ijduvon, Shofirkon, Peshku va Romitan tumanlaridagi qishloqlarda ko‘mir yarmarkalari tashkil etilishi kabi ko‘rilgan choralar fikrimiz isbotidir, – dedi "Ko‘mir ta’minot" MCHJ bosh direktori Aslan Qayumov.

Soha mutasaddilari 2021 yilda amalga oshiriladigan rejalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, yil mobaynida kon ustini ochish ishlari 32,5 million metr kubni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, 2021 yil davomida kon-mashina mexanizmlarning 180 xil ehtiyot va butlovchi qismlarini mahalliylashtirish hisobiga mahsulot va ishlab chiqarish hajmi 6,6 milliard so‘mga yoki 2020 yilga nisbatan 10 foizga oshiriladi. Ayni paytda ishlab chiqarish xarajatlarini 77 milliard so‘mga kamaytirish rejalashtirilgan.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA