Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekkino” Milliy agentligi "Assalom Navro‘z" kino oyligiga start berdi
13:38 / 2021-03-25

24 mart kuni “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan “O‘zbekfilm” binosida "Assalom Navro‘z" kino-oyligi doirasida tantanali kecha tashkil etildi.

Shuningdek, joriy kundan kino kunlariga ham start berildi. Bo‘lib o‘tgan kechada sumalak sayli tashkil etilib, estrada yulduzlari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Tadbirda o‘zbek kinosi ijodkorlari, aktyor va aktrisalar, san’at va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.  

E’lon qilingan oylik davomida  Fotih Jalolovning “Muqimiy”, Zulfiqor Musoqovning “Hayrat" badiiy filmlari va hujjatli filmlar namoyishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sentyabr oyi oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining tashkiliy masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tadi. Oylikda 2021 yil kinoloyihalar va Adiblar xiyoboni bo‘yicha tayyorlangan hujjatli filmlar yuzasidan davra suhbatlari va kinoda ayol qiyofasi mavzusida “Ayollar media klubi" muhokamalari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimovaning 80 yilligi munosabati bilan maxsus ijodiy kecha ham taqdim etiladi.

Yoshlarni qo‘llab quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili munosabati bilan yoshlar uchun alohida tadbirlar tashkillashtirilgan. Xususan, “Yoshlar va kino” mavzusida uchrashuvlar, pitchinglardan tashqari Elyor Ishmuhammedov, Hilol Nasimov, Ali Hamroyev, Rustam Sagdiyev, Odelsha Agishev va Rashid Malikovlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi. Aytib o‘tish joizki, joriy yilda yoshlar masalalari muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda va bir qator grantlar ajratish va treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, viloyatlar bo‘ylab kinoijodkorlar ishtirokida namoyishlar va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib kelayotgan “Kinokarvon” loyihasi o‘z safarini Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida davom ettiradi. Ushbu loyiha davomida o‘zbek kinosi yulduzlari ishtirokida joylarda ijodiy uchrashuvlar va Muhammadali Iskandarovning “Men terrorchi emasman”, Ergash Mo‘minovning “Orzular qanotida”, Hilol Nasimovning “Meros”, Zulfiqor Musoqovning “Hayrat” va Fotih Jalolovning “Muqimiy” filmlari premeralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Karvon bilan birga yo‘lga chiqadigan mobil kinoteatr eng olis qishloqlargacha yetib borib, mahalliy aholiga ushbu filmlar namoyishini uyushtiradi.

Yangi kino oylik munosabati bilan "O‘zbekkino" Milliy agentligi o‘zbek kinosi klassik durdonalari "Tohir va Zuhra", "Alisher Navoiy", "Mahallada duv-duv gap", "Kelinlar qo‘zg‘oloni" kabi yana 8ta badiiy va 100 dan ortiq multiplikatsion filmlarning etalon negativlarini Rossiya davlat kinofondidan yurtimizga qaytardi.

Filmlar oyligi doirasida yurtimiz telekanallariga tantanali ravishda taqdim etiladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

“O‘zbekkino” Milliy agentligi 

Axborot xizmati