Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning “yashil” energetika sari harakatida muhim bosqich
19:48 / 2025-05-15

Joriy yil 13-15 may kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston energetika haftaligi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur haftalik doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda 32 davlatdan 450 kompaniya o‘z texnologiyalari va ishlanmalarini taqdim qildi. 

Xususan, “Power Uzbekistan-2025” xalqaro ko‘rgazmasi davomida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘zining ilg‘or va energiya samarador yechimlari bilan ishtirok etdi. Kompaniyaning kichik quvvatli atom elektr stansiyalari (QQAES) texnologiyalariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyasi katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazmaning markaziy eksponati sifatida “RITM-200N” reaktoriga mo‘ljallangan va og‘irligi 205 tonna bo‘lgan maxsus legirlangan po‘lat quymasini tayyorlash jarayoni namoyish etildi. 

E’tiborlisi, 13 may kuni "Rosatom"ning Mashinasozlik divizioni O‘zbekistondagi QQAES uchun reaktor jihozlarini ishlab chiqarishni boshladi. Ushbu maqsadda og‘irligi 205 tonna bo‘lgan maxsus legirlangan po‘lat quymasi quyildi. Undan kelajakdagi "RITM-200N" reaktori korpusi tayyorlanadi. 

Bu reaktor Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilgan QQAESning asosiy qurilmasi hisoblanadi. Loyihaga ko‘ra, har biri 55 MVt quvvatdagi oltita reaktor qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning jami quvvati 330 MVtni tashkil etadi. 2024 yilda loyiha bo‘yicha dastlabki texnik ishlar boshlangan. 2025 yil aprelida esa stansiya qurilishi uchun maxsus qurilish-montaj bazasi tashkil etildi. 

Shuningdek, “Rosatom” vakillari forum doirasida energetik xavfsizlik, malakali kadrlar tayyorlash va inklyuziv rivojlanish mavzulariga bag‘ishlangan strategik sessiyalarda qatnashib, kompaniyaning barqaror yechimlarga asoslangan yondashuvini taqdim etdi. 

– Global energetik o‘tish davrida biz QQAESni faqat tayyor yechim sifatida emas, balki ishonchli bazaviy manba va prognoz qilinishi mumkin bo‘lgan narxlarda energiya taqdim etuvchi barqaror tizim sifatida taklif etamiz. Bu tizim mahalliy resurslardan samarali foydalanish, xalqaro hamkorlik va yangi mutaxassislar tayyorlashni o‘z ichiga oladi. “Power Uzbekistan” maydonida nafaqat biznes aloqalar, balki barqaror energetika kelajagini shakllantiruvchi uzoq muddatli yechimlar muhokama qilindi. Bu jarayon biz uchun juda muhim va foydalidir,– dedi “Rosatom Markaziy Osiyo” mintaqaviy markazi rahbari Aleksey Dremuchev. 

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha mamlakatning “yashil” energetika sari harakatida muhim bosqich hisoblanadi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA