English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning yaqin kelajagi uchun muhim vazifalar belgilandi
15:56 / 2026-01-10

Joriy yilning 26 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan navbatdagi murojaatnomasi mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea bo‘ldi.

Unda kelgusi yilda yurtimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan eng muhim vazifalar, aholi turmush sifatini oshirish, mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimiz qiyofasini yanada obod va go‘zal qilishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar, ichki hamda tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Markaziy kon boshqarmasi yoshlar yetakchilari Kengashi raisi Saodat Boboyorova murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyati haqida muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:

– Mazkur Murojaatnoma mazmun-mohiyati bilan jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan, O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dasturiy hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oila institutini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani murojaatnomaning insonparvarlik mohiyatini yanada yorqin namoyon etdi. 

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni har tomonlama himoya qilish qadimdan xalqimizga xos bo‘lgan oliy ma’naviy qadriyat ekanligini ta’kidlab, bu masala har bir erkak uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelganiga alohida urg‘u berdi. Biroq bugungi kunda jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotganligi barchamizni chuqur o‘ylantirishi lozim. Bu salbiy holatlarga qonuniy chek qo‘yish vaqti keldi. Chunki bunday holatlar yuksak ma’naviyat va ma’rifatga ega, oilani muqaddas deb bilgan xalqimiz tabiatiga mutlaqo zid holatdir. Aytish joizki, Bosh qomusimizning 14-bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanib, ularning huquq va erkinliklari konstitutsiya bilan ham mustahkamlanib qo‘yilgan. 

Oila jamiyatning eng muhim tayanchi, millatning an’anaviy poydevoridir. Oilada sog‘lom muhit, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat qaror topmasa, jamiyat taraqqiyoti haqida so‘z yuritish qiyin. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oilaviy zo‘ravonlik faqat oilaning ichki ishi emas, balki butun jamiyatga daxldor ijtimoiy muammodir. Shu bois bunday holatlarga nisbatan befarqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Himoyaga muhtoj ayol va bolani o‘z muammosi bilan yolg‘iz qoldirish insoniylikka ham, fuqarolik burchiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Shu boisdan murojaatnomada ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha respublika miqyosida samarali, ishonchli va barqaror tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Bu borada barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Yurtboshimiz har bir murojaatlarida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tadi. Bu murojaatnomada ham yoshlar uchun kelgusi yilda ham keng imkoniyatlar yaratilishi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Har yili O‘zbekiston mehnat bozoriga bir millionga yaqin yoshlar kirib keladi. Yoshlarni munosib ta’lim olish, malakali kasb-hunar egallash va ish bilan ta’minlash maqsadida mamlakatimiz mehnat bozori endilikda mutlaqo yangi arxitektura asosida shakllantirilmoqda.

Unga ko‘ra, mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi yagona mexanizm sifatida faoliyat yuritadi. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy texnologiyalar hamda yuqori talabga ega kasblarga mos ravishda jihozlanadi.

Shuningdek, Germaniya, Shvetsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi. 2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hamda “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga 43 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, tibbiyot tizimida kasbiy ta’limni rivojlantirish maqsadida Germaniya, Shvetsariya, AQSH va Yaponiya tajribasiga asoslangan ta’lim dasturlari joriy etiladi. Natijada xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biluvchi hamshiralar tarkibi shakllantiriladi.

Bugungi yoshlar – Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan avlod, keng ko‘lamli islohotlarning bevosita ishtirokchisi va davomchisidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yosh avlod orasida huquqiy ongni yuksaltirish, zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib borish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Yoshlar har qanday holatda ham inson qadrini himoya qilish, adolat va haqiqat tomonida turishni hayotiy tamoyil sifatida qabul qilishi lozim.

Prezidentimiz murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat huquqiy, balki ma’naviy jihatdan ham jamiyatni yangilashga qaratilgan. Zero, qonunlar qanchalik mukammal bo‘lmasin, agar jamiyatda ma’naviy immunitet, mas’uliyat va befarqlikka qarshi qat’iy pozitsiya shakllanmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin. Shu ma’noda, oila muqaddasligini asrash, xotin-qizlar va bolalarni himoya qilish har bir fuqaroning shaxsiy burchiga aylanishi kerak.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar izchil amalga oshirilsa, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz muhit qaror topadi, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhit mustahkamlanadi. Yoshlar esa ushbu maqsadlar yo‘lida faollik va yuksak mas’uliyat bilan harakat qilib, Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oya hamda vazifalarni hayotga tatbiq etishda ishonchli kuch sifatida maydonga chiqishi shubhasiz.

Shuningdek, murojaatnomada mahallani rivojlantirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berildi. Ayniqsa, kelgusi yildan boshlab mahallalarni taraqqiy ettirishda kompleks yondashuv joriy etilishi joylarda yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari har bir viloyatda 2-3 tadan tuman tanlab olinib, ulardagi barcha mahallalarda mavjud ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishni ko‘zda tutuvchi yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi. Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan jami 8,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.

Bugungi kunda yoshlar mahalla hayotining faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Shu bois mahallalarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan dasturlar yoshlarning tashabbuslari, startap g‘oyalari va ijtimoiy loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam zamin yaratadi. Biz, yoshlar, ushbu islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglab, ularning amalga oshirilishida faol ishtirok etishimiz lozim.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Prezidentimiz belgilab bergan mazkur strategik vazifalar amalga oshirilsa, mahalla chin ma’noda inson manfaatlari ta’minlanadigan, tadbirkorlik rivojlangan, yoshlar uchun imkoniyatlar keng bo‘lgan zamonaviy ijtimoiy makonga aylanadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.

 A.Bo‘riyev, O‘zA