Munosabat
Tashqi siyosat bobida olib borilayotgan jadal islohotlar xususida gap ketar ekan, aytish lozimki, so‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston ko‘p qirrali tashqi siyosatda ancha ilgarilab ketdi. Bu borada mintaqada o‘ziga xos siyosiy obro‘ga, aniq manfaat va ustuvor vazifalari bo‘lgan o‘zbek diplomatiyasiga ega ekanligini ko‘rsata bildi.
Xususan, u nisbatan yopiqlikdan faol mintaqaviy hamkorlikka, pragmatik ko‘p tomonlama diplomatiyaga, shuningdek, jahon bilan konstruktiv hamkorlikka o‘tdi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonni periferiyadagi ishtirokchidan Markaziy Osiyo integratsiyasi va global diplomatiyaning faol ishtirokchisiga aylantirdi hamda mamlakat kelajagiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.

Ta’kidlash joizki, 2017 yildan boshlab Toshkent qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch va manfaatli munosabatlarni qurishni ustuvor vazifa deb bildi. Natijada misli ko‘rilmagan mintaqaviy muloqotlarga erishildi. Bu sa’y-harakatlar nafaqat munosabatlarni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqdi, balki chegara masalalari, suv resurslarini boshqarish va transport yo‘laklaridan foydalanish kabi uzoq yillik jiddiy muammolarni hal etishga ham ko‘mak berdi. Natijada mintaqaviy savdo 2016 yilga nisbatan deyarli uch barobarga o‘sib, 2024 yilga kelib 7 milliard dollarni tashkil etdi. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqada iqtisodiy farovonlik va barqarorlikni ta’minladi.
Ushbu jarayonlarni institutsionallashtirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bugungi kunga kelib, ushbu sammitlar mintaqaviy barqarorlik va integratsiyaning muhim platformasiga aylandi. Ular mintaqaning diplomatik manzarasida mustahkam o‘rin egallab, ishonch, o‘zaro bog‘liqlik va kelajak uchun umumiy strategiyaga asoslangan “Markaziy Osiyo ruhi”ning shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning global maydondagi roli ham kengayib bormoqda. Bu, jumladan, “S5+1” formati orqali ham namoyon bo‘ldi. Ushbu formatda Yevropa Ittifoqi, AQSH, Xitoy, Rossiya, ko‘rfaz mamlakatlari, shuningdek, so‘nggi vaqtlarda Italiya kabi hamkorlar ishtirok etmoqda. Sammitlar mintaqadagi davlatlarga yetakchi kuchlar bilan munosabatlarda muvozanatni saqlash hamda strategik avtonomiyani himoya qilish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonning yangi diplomatiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, muloqot, inklyuzivlik va pragmatik hamkorlikni ustuvor yo‘nalish etib belgilash orqali Markaziy Osiyo o‘z ichki birdamligini ham, global ahamiyatini ham mustahkamlay oladi.
Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muvozanat: strategik ochiqlik sari
Markaziy Osiyo o‘zining tarixiy transqit’a ko‘prigi sifatidagi rolini qayta tiklar ekan, O‘zbekiston geosiyosiy neytrallikni keng qamrovli islohotlar va faol diplomatiya bilan uyg‘unlashtirgan holda, mintaqaning hal qiluvchi ishtirokchisi sifatida maydonga chiqdi. Mamlakatning ko‘p vektorli tashqi siyosati milliy manfaatlar va milliy qadr-qimmatni himoya qilish maqsadida muvozanatni ta’minlash, suveren qarorlar qabul qilish va diversifikatsiya qilingan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston geografik joylashuvi, tarixi va iqtisodiy salmog‘i bois Xitoy va Rossiyaning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yaqinda Xitoy Rossiyani ortda qoldirgan holda, O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkoriga aylandi. Biroq Toshkent hech qaysi bir hamkorga mutlaq ustuvorlik bermaydi. Mamlakat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishga muvofiq, Sharq va G‘arb bilan ham muvozanatli munosabatlarni shakllantirmoqda.
Zero, bu yondashuv o‘z navbatida Yevropa va G‘arb bilan munosabatlarni mustahkamladi, shu bilan birga, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan hamkorlikni kengaytirdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan muloqot yuqori darajada faollashdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, Yevropa davlatlari yetakchilarining Toshkent shahriga amalga oshirgan tashriflari, Samarqanddagi birinchi “Markaziy Osiyo – YeI” sammiti, Germaniya, Fransiya, Italiya, Vengriya va boshqa davlatlar bilan strategik sheriklikning kengayishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
O‘z o‘rnida, ta’kidlash joizki, tez orada Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda. U savdo, davlat boshqaruvi, iqlim siyosati, ta’lim va innovatsiya sohalarida yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Yevropadan tashqari, O‘zbekistonning ochiqligi “yashil energetika”, raqamli iqtisodiyot va barqaror rivojlanish sohalarida ham kengayib bormoqda. Chet el investitsiyalariga nafaqat kapitalning kirib kelishi, balki bilim va texnologiyalar transferi hamda institutsional salohiyatni kuchaytirish manbai sifatida qaralmoqda. Bu esa islohotlarni tezlashtirish va davlat xizmatlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Amaliy jihatdan, ushbu strategiya O‘zbekistonning Sharq va G‘arb bilan ishonchli hamkorligini mustahkamlaydi. Bu esa muvozanatli diplomatiya milliy taraqqiyotni jadallashtirish va global beqaror sharoitda barqarorlikni kuchaytirishini ko‘rsatmoqda.
Ko‘p tomonlama platformalardagi faol diplomatiya
O‘zbekiston o‘zining xalqaro maydondagi ishtirokini BMT, YeXHT, MDH, SHHT, TDT, IHT va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi ko‘p tomonlama tashkilotlarda, shuningdek, Jahon banki, YeTBB, OTB va OTIB kabi yetakchi moliya institutlarida faol ishtirok etishi orqali kengaytirdi. Bu keng qamrovli hamkorlik integratsiyasining izchil strategiyasini ifoda etadi va ko‘p tomonlamalikni milliy taraqqiyot hamda global hamkorlik uchun vosita sifatida qo‘llashga xizmat qiladi.
2017 yildan buyon O‘zbekiston o‘z tashabbuslari bilan xalqaro miqyosda e’tirof etib kelmoqda. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi Toshkent tomonidan ilgari surilgan o‘nlab rezolyutsiyalarni qabul qildi. Shuningdek, mamlakat Samarqand va Toshkentda yirik sammitlarga mezbonlik qilib, qator mintaqaviy tashkilotlarda ham yetakchilik rolini qo‘lga kiritdi. Faqat 2022 yilning o‘zidayoq O‘zbekiston SHHT, TDT va IHTga raislik qildi. Bu esa, uning mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi.
E’tirof etish kerakki, O‘zbekiston ko‘plab global tadbirlarga ham mezbonlik qilmoqda. 2025 yilda Samarqand ilk marta BMT Davlat xizmati forumiga mezbonlik qildi. Shu yilning oxirida esa Toshkentda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu anjuman 1985 yildan buyon birinchi marta Parijdan tashqarida o‘tkaziladi.
Ma’lumki, ko‘p tomonlama tashabbuslar mamlakatning iqtisodiy diplomatiyasi bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Uning ustuvor yo‘nalishlari savdo va investitsiyani rivojlantirish, O‘zbekiston mahsulotlari va xizmatlarining yirik bozorlarga kirish imkoniyatlarini ta’minlashdan iborat. Asosiy maqsad esa – Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish. 2020 yilda muzokaralar qayta tiklanganidan buyon O‘zbekiston Jenevadagi ishchi guruh yig‘ilishlarida faol ishtirok etib kelmoqda va kelgusi yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JSTning 14-vazirlar konferensiyasida a’zolikni rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekistonning tuzilmalardagi ko‘p tomonlama faol ishtiroki mamlakatning ichki islohotlarini olg‘a surish, xalqaro muloqot hamda hamkorlikka hissa qo‘shish bilan birga, uni mintaqaviy markaz va ishonchli global hamkor sifatidagi o‘rni mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Xulosa
So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi transformatsiyasi – ochiqlik, muvozanat va pragmatizm dunyo beqarorligi sharoitida diplomatiyaning samarali vositalaridan biri ekanligini yaqqol namoyon etdi. Mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, Sharq va G‘arb bilan teng asosda munosabatlarni rivojlantirish hamda ko‘p tomonlama platformalarda faol va samarali ishtirok etish orqali Toshkent ishonchli mintaqaviy sherik va konstruktiv global ishtirokchi sifatida o‘zini namoyon etdi.
O‘zbekiston ko‘priklar qurish, Markaziy Osiyoni global boshqaruv tarmoqlariga bog‘lash va xalqaro hamkorlikdan ichki modernizatsiya uchun vosita sifatida foydalanish yo‘lini tanladi. Muloqot, aralashmaslik va diversifikatsiya qilingan hamkorlikka asoslangan ko‘p vektorli siyosat davlatlar uchun suverenitetni mustahkamlash, taraqqiyotni jadallashtirish va global beqarorlik sharoitida ham mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shish imkoniyatini namoyon etmoqda.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori.
O‘zA