Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida besh kun davomida og‘ir atletika muxlislari uchun katta sport bayramini tuhfa etgan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi hamda Markaziy Osiyo ochiq chempionatining g‘olib va sovrindorlari ma’lum bo‘ldi.
Mamlakatimizning barcha viloyatlaridan iqtidorli sportchilar va Turkiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston davlatlarining mahoratli og‘ir atletikachilari qatnashgan chempionat davomida bir qator rekordlar o‘rnatildi.
Jumladan, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Nigora Abdullayeva, Rigina Adashboyeva va Omadillo Olimov o‘z vazn toifalarida O‘zbekiston rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Masalan, yosh qizlar o‘rtasida -87 kilogrammda navoiylik Dilyora Davronovaga tegishli bo‘lgan 133 kilogramm ko‘rsatkichni qashqadaryolik Regina Adashboyeva 135 kilogrammga, +109 kilogrammli yosh og‘ir atletikachilar orasida toshkentlik Mirhosil Mirzaboyevga tegishli 212 kilo og‘irlikni andijonlik Omadillo Olimov 215 kilogrammga oshirib, mamlakat rekordini yangilagani mahoratli sportchilarning yangi avlodi yetishib kelayotganligidan dalolat, deyish mumkin.
Shiddatli bahslar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston kubogi musobaqalarida Toshkent, Samarqand, Xorazm, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari sovrinli o‘rinlardan joy olgan bo‘lsa, umumjamoada Xorazm, Navoiy va Namangan jamoalari yetakchilikka erishdi.
Bo‘lajak xalqaro musobaqalar oldidan tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatida o‘zbekistonlik, turkmanistonlik va turkiyalik og‘ir atletikachilar g‘alabaga bo‘lgan irodasini namoyish etishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA