O‘zbekiston Respublikasining Portugaliyadagi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Parij shahrida joylashgan) Nodir G‘aniyev ushbu mamlakat Prezidenti Marselu Rebelu de Souzaga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Belen saroyida bo‘lib o‘tgan rasmiy marosim doirasida kechgan muloqot chog‘ida Portugaliya yetakchisi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini yuqori baholadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident Marselu Rebelu de Souza Nodir G‘aniyevni ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, unga ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasidagi faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 12 avgustda o‘rnatilgan.
Avvalroq, 2024 yil 17 sentyabr kuni Nodir G‘aniyev Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga shionch yorliqlarini topshirgan edi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA