O‘zbekistonning “Xavfsiz yo‘l” Milliy dasturi Misr matbuotida
Misrning “Al-mwatin” nashri Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash va tirbandlikni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi tafsilotiga e’tibor qaratib, “O‘zbekiston: “Xavfsiz yo‘l” Milliy dasturining amalga oshirilishi” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Maqolada yurtimiz hududlarida bu borada muayyan ishlar qilinayotgani ta’kidlangan.
Muallif Fotima Badaviy onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga keladiganlar soni 50 foiz kamayib, sohadagi 3 365 nafar xodim elektron planshet va bodikamera bilan ta’minlanganiga urg‘u bergan. Qoidabuzarlikni sun’iy intellekt asosida saralash va shu asosda qaror chiqarish amaliyoti joriy qilingani, shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar ajratilgani ta’kidlangan.
Dastur doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi qayd etilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA