Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning xalqaro biznes va investitsiya maydonidagi pozitsiyasi yanada mustahkamlanmoqda
23:03 / 2025-09-23

Ayni paytda davlatimiz rahbari Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning 80 yilligiga bag‘ishlangan marosimda qatnashish uchun AQSHda bo‘lib turibdi.

Prezidentimiz tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamg‘armalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning tobora faol va ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadigan amaliy qadam bo‘ldi.

Uchrashuvda ishtirok etgan kompaniya va moliyaviy institutlar ro‘yxatiga nazar tashlasak, ularning har biri dunyo miqyosida yirik va nufuzli sub’ektlar ekanini ko‘ramiz. 

Xususan,“Citigroup”, “Franklin Templeton”, “Mastercard”, “Visa”, “Nvidia”, “General Motors”, “Cargill” kabi kompaniyalar shular jumlasidandir. Bunday yuksak darajadagi muloqot bir tomondan O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlariga bo‘lgan ishonch darajasini aks ettirsa, ikkinchi tomondan rivojlanayotgan bozor sifatida mamlakatning investitsion jozibadorligi ortib borayotganini namoyon etadi.

Davlatimiz rahbarining AQSH rahbariyati bilan olib borgan so‘nggi muloqotlari fonida tashkil etilgan ushbu tadbirda ko‘tarilgan asosiy masalalar strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlash o‘rinlidir. 

Jumladan, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, muhim minerallarni qayta ishlash va ta’minot zanjirlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bilamizki, hozir tilga olingan yo‘nalishlarning barchasi XXI asr iqtisodiyotining asosiy drayverlari hisoblanadi. Shuni alohida aytish kerakki, mamlakatimiz mazkur sohalarda hamkorlikni kuchaytirish orqali global iqtisodiy jarayonlarga yanada chuqurroq integratsiyalashmoqda.

Amaliyot nuqtai nazaridan olib qaraganda, bunday uchrashuvlar O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yangi imkoniyatlar, investitsiyaviy oqim va strategik hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadi.

Birinchidan, AQSH kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik orqali texnologik transfer (ya’ni ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga jalb qilish) amalga oshadi. Bu esa ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, raqobatbardosh mahsulotlar yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, moliyaviy institutlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari orqali xalqaro bozorlarda mablag‘ jalb etish imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Xususan, “Franklin Templeton” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi jahon moliya tizimiga integratsiyalashish yo‘lida muhim mexanizm vazifasini bajaradi. Ushbu jamg‘arma orqali yirik infratuzilmaviy va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish imkoni yuzaga keladi.

Uchinchidan, AQSH bozori bilan yaqinlashuv mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport yo‘nalishlarini ochadi. Bu nafaqat valyuta tushumlarini oshiradi, balki mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirishni ham rag‘batlantiradi. Shu orqali O‘zbekistonda “eksportbop” biznes muhiti shakllanadi.

To‘rtinchidan, bu kabi muloqotlar mamlakatimizning tashqi imidjini kuchaytirishga xizmat qiladi. Xalqaro investorlar uchun siyosiy barqarorlik, qonun ustuvorligi va ochiqlik muhim mezonlar hisoblanadi. Nyu-Yorkdagi uchrashuv O‘zbekistonning aynan shunday ochiq va barqaror sherik ekanini yana bir bor namoyon qildi.

Umuman olganda, ushbu tashrif natijalari O‘zbekistonning xalqaro biznes va investitsiya maydonidagi pozitsiyasi izchil ravishda mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda. 

E’tiborli jihati shundaki, islohotlar yuzasidan bildirilayotgan bayonotlar endilikda amaliy hamkorlik shaklida o‘z ifodasini topmoqda. Galdagi vazifa erishilgan kelishuv va tashabbuslarni samarali ro‘yobga chiqarish, bu jarayonda ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz, aniq, tizimli va maqsadli yondashuv asosida amaliy natijalarga erishishdan iboratdir.

Sardor Suvonqulov,

Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputati