O‘zbekiston turizm salohiyatini Xitoy Xalq Respublikasida keng targ‘ib etish maqsadida ushbu mamlakatning nufuzli “China Global Television Network” – CGTN davlat teleradiokompaniyasi 6 nafar xodimi yurtimizda “Markaziy Osiyo ekspeditsiyasi” media-turini o‘tkazmoqda.
Ijrochi prodyuser Chjan Xe O‘zAga ma’lum qilishicha, shu hafta jamoa O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilib, o‘zaro savdo, sarmoya, infratuzilmani rivojlantirish va madaniy almashinuv kabi muhim sohalarda rivojlanib borayotgan hamkorlikka doir lavhalar tayyorlaydi.
Loyihaning yana bir maqsadi Chin yurtida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va jozibadorligini turistik yo‘nalish sifatida ommalashtirish, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Toshkent va boshqa hududlar imkoniyatini keng yoritish. Shuningdek, xitoylik sayyohlar e’tiborini mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga jalb etish.
Guruh Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida yangi joriy etilgan, oddiy fuqarolarga ikki davlat o‘rtasida 30 kungacha erkin sayohat qilish imkonini beruvchi vizasiz rejimning birinchi kuniga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu tashabbus respublikamiz turizmini yanada rivojlantirishi kutilyapti.
Mehmon ijodkorlar Buxoro viloyatidagi “Bash Wind Power” loyihasi haqidagi lavhani allaqachon efirga uzatib, bugun Jizzaxdagi “BYD” elektromobil zavodiga keldi.
“Markaziy Osiyo ekspeditsiyasi” media-turi Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Qozog‘iston bo‘ylab davom etadi va Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan “Xitoy– Markaziy Osiyo” sammitida yakunlanadi.
Qayd etish joiz, 2016 yil ishga tushirilgan CGTN xalqaro media tashkiloti yangiliklar va reklamalarni 24/7 formatida butun dunyo bo‘ylab efirga uzatadi. Yangiliklarni xolis, o‘z vaqtida yetkazish orqali global auditoriyani boy audiovizual xizmatlar bilan ta’minlash, Xitoy va dunyo o‘rtasidagi aloqa va uyg‘unlikni mustahkamlash, Xitoy va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv va o‘zaro ishonchni kuchaytirishga ko‘maklashadi. Bosh qarorgohi Pekinda joylashgan tuzilmaning Nayrobi, Vashington va London shaharlarida media markazlari bor.
O‘tkir Alimov, O‘zA