Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning turizm salohiyati ilk bor “OTM Mumbai” sayyohlik ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda
17:37 / 2026-02-05

Joriy yilning 5-7 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turistik kompaniyalar vakillari ilk bor Hindiston va Osiyodagi eng yirik sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri — “OTM Mumbai”da ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi mehmonlari mamlakatimizning boy madaniy merosi, noyob sayyohlik yo‘nalishlari hamda zamonaviy turistik xizmatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

“OTM Mumbai” ko‘rgazmasi doirasida xalqaro turoperatorlar, aviakompaniyalar, yetakchi media kompaniyalar va investorlar bilan B2B uchrashuvlar hamda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston turizm brendini targ‘ib qilish va xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan taqdimotlar tashkil etilmoqda.

Mazkur nufuzli ko‘rgazmada ishtirok etish O‘zbekiston uchun Hindiston sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli hamkorlar va investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, shuningdek mamlakatning dam olish va sayohat qilish uchun mavjud noyob imkoniyatlarini keng namoyish etish imkonini bermoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “OTM Mumbai” ko‘rgazmasi har yili 50 dan ortiq mamlakatdan sayyohlik sanoati vakillarini bir joyga jamlab, tajriba almashish, bitimlar tuzish hamda yangi sayyohlik mahsulotlarini taqdim etish uchun muhim xalqaro platforma hisoblanadi.

O‘zbekistonning ushbu tadbirda ishtirok etishi mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik va sayyohlik aloqalarini kengaytirish istiqbollarini ochadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA