Turizm nafaqat iqtisodiy daromad manbai, balki davlatning ijobiy imijini yaratishda ham muhim vositaga aylangan. O‘zbekiston ham bu borada katta salohiyatga ega mamlakatlar qatoridan joy olmoqda. Tarixiy yodgorliklar, betakror tabiiy manzaralar, milliy urf-odat va an’analar uyg‘unligi turizm sanoatining poydevorini mustahkamlab, uni strategik rivojlanish yo‘nalishlaridan biriga aylantirmoqda.
O‘zbekiston hududi qadimdan Buyuk ipak yo‘lining markaziy qismida joylashgan. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar dunyo sivilizatsiyasi tarixida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Aynan shu shaharlar sayyohlar uchun o‘ziga jalb qiluvchi “ochiq osmon ostidagi muzey” bo‘lib xizmat qilmoqda. Ulug‘bek rasadxonasi, Registon maydoni, Ichan qal’a kabi yodgorliklar yildan-yilga minglab xorijiy sayyohlarni jalb etmoqda.

Shuningdek, o‘zbek xalqining milliy taomlari xilma-xilligi, hunarmandchilik mahsulotlari, folklor an’analari ham sayyohlar uchun alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratilsa, avvalo transport, mehmonxona, axborot texnologiyalari hamda xavfsizlik tizimi sezilarli darajada takomillashtirilganini ko‘rish mumkin.

Xususan, Elektron viza tizimi soddalashtirildi va ariza topshirish jarayoni onlayn shaklga o‘tkazildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida yuqori sifatli mehmonxonalar, oilaviy turar joylar soni oshdi. Yirik shaharlarda turistlar uchun axborot markazlari va interaktiv xaritalar ishga tushirildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Turizm politsiyasi” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, milliy madaniyat, urf-odat, xalq amaliy san’ati, milliy taomlar va festivallar orqali turizmning madaniy va gastronomik yo‘nalishlari ham faol rivojlantirilmoqda.
Yaqin yillarda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish borasida quyidagi yo‘nalishlarda innovatsion yondashuvlar kuzatildi:
Ziyorat turizmi – Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz singari shaharlar tarixiy qadamjolar orqali minglab sayyohlarni o‘ziga jabl etmoqda.

Qo‘qon, Farg‘ona vodiysi, Zomin, Boysun tog‘li hududlarida ekoturizm rivojlanmoqda. Ushbu hududlarda jahon standartlariga mos ravishda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Sog‘lomlashtirish turizmi – sanatoriylar, davolash maskanlari, shifobaxsh suv manbalariga tashrif buyurish orqali nafaqat dam olish, balki tabobat orqali ma’lum kasalliklarga shifo topish ham mumkin.
Mahalliy hunarmandchilik va etnoturizm – Marg‘ilon atlasi, o‘zbek do‘ppido‘zlik maktablari, Rishton kulolchilik markazi jahonga ma’lum va mashhur. O‘zbek milliy liboslari nafaqat mamlakatimizda, balki jahonning yirik podiumlarida ham namoyish etilmoqda.
Shuningdek, Samarqanddagi “Silk Road” turistik markazi, Buxorodagi qadimiy shaharchalar rekonstruksiyasi va “Toshkent City” loyihalari orqali zamonaviy va tarixiy turizm uyg‘unlashtirilmoqda.
O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini yanada oshirish uchun quyidagi yo‘nalishlarda ishlar olib borilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Avvalo, marketing va reklama faoliyatini kuchaytirish – O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini dunyoga tanitish uchun ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar, xalqaro media orqali keng ko‘lamli PR kampaniyalar tashkil qilish. Ushbu usul orqali nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarga noma’lum manzillarni tanitish va ularda sayohatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish mumkin.
Mahalliy gidlar va tarjimonlar tayyorlash oqali chet ellik sayyohlarga professional xizmat ko‘rsata oladigan xorijiy tillarda so‘zlashuvchi mutaxassislar sonini oshirish. Gid va tarjimonlar nafaqat xorijiy tillarni, balki mamlakatimiz tarixini chuqur bilishi ham maqsadga muvofiq.
Mahalliy aholining turizm madaniyatini oshirish maqsadida sayyohlar bilan madaniyatli muloqot, qulay muhit yaratish, ijobiy taassurot qoldirish borasida aholi o‘rtasida seminar va treninglar o‘tkazish lozim.
Interaktiv, raqamli xizmatlarni ko‘paytirish lozim. Bunda turistik mobil ilovalar, virtual gidlar, sun’iy intellekt asosida yo‘riqnomalar tayyorlab zamonaviy sayyohlar ehtiyojiga javob berish kerak.
O‘zbekistonda turizm sohasi nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qiladigan muhim yo‘nalish. Tabiatning betakror manzaralari, boy tarixiy meros, mehmondo‘st xalqimiz va zamonaviy infratuzilma sayyohlar uchun ideal muhit yaratmoqda. Endilikda bu imkoniyatlarni yanada kengaytirish, turizm orqali mamlakat brendini dunyoga tanitish – har bir soha vakillari oldida turgan ustuvor vazifadir.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA