Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning tarixiy va madaniy boyliklarini namoyish etuvchi maskan
12:08 / 2024-12-04

Muzeylar O‘zbekistonning tarixiy va madaniy boyliklarini namoyish etish orqali turizm salohiyatini oshirishga, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Vatanimiz o‘zining boy tarixi va madaniy merosi bilan dunyo sivilizatsiyasi o‘choqlaridan biri sifatida tan olinadi. Muzeylar esa yurtimiz tarixi, madaniyati, san’atiga oid osori-atiqalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib etish, o‘zbek davlatchilik tarixining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini aks ettirishga xizmat qiladigan maskandir. Ko‘rgazmalar, taqdimotlar va turli ta’limiy-madaniy dasturlar orqali muzey fondlarida mavjud bo‘lgan eksponatlar haqidagi bilimlarni keng jamoatchilikka yetkazish muzey jamoasi va ilmiy xodimlarining asosiy vazifalaridan biridir.  

Shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy merosini chuqurroq o‘rganish, turli xalqlar va millatlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni rivojlantirish, ma’naviy mushtaraklikni ta’minlash masalasi bugungi kunda ayniqsa dolzarb. Muzeylar O‘zbekistonning tarixiy va madaniy boyliklarini namoyish etish orqali turizm salohiyatini oshirishga, tashrif buyuruvchilarni jalb etish orqali, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.  

AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi axborot xizmati rahbari Mehrojiddin Umrzoqov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.  

Mutaxassisga ko‘ra, 2024 yilning 1-11 oktyabr kunlari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Chikago universiteti Qadimiy madaniyatni o‘rganish va tadqiq qilish instituti tomonidan 60 soatli “STRAS capstone” Markaziy Osiyo davlatlari muzeylari restavratorlari uchun trening tashkil etildi. Kurs davomida muzeyda saqlanadigan eksponatlar, jumladan, tosh, yog‘och va suyak konservatsiyasi va restavratsiyasi metodlarining nazariy va amaliy mashg‘ulotlari, 3D texnologiyasiga doir mavzularda master-klass o‘tkazildi.    

Shuningdek, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 11 nafar xodimi muzeyshunoslik va madaniy meros sohasiga oid 9 ta xalqaro tadbirda yurtimiz delegatsiyasi a’zosi sifatida ishtirok etdi. Muzey xodimlari  Tohir Norqobilov, Nargiza To‘rayeva , Dilfuza Raufova,  Mansur Safayevlar xalqaro sertifikat bilan taqdirlandi.  

Qayd etilishicha, xorijiy davlatlar va xalqaro nufuzli tashkilotlarning rasmiy taklifi bilan xizmat safarlari, amaliyotlar hamda dasturlar tashkil etilgan. Xususan, Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Xalqaro sharq gilamlari anjumani bo‘lib o‘tdi. Dunyo miqyosida gilamdo‘zlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1976 yildan buyon har to‘rt yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan anjumanda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Mansur Safayev “Janubiy Orolbo‘yi qoraqalpoqlarning gilam tayyorlash san’ati” nomli ma’ruza bilan ishtirok etdi.  

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida III Global muzey direktorlari forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda muzeylarning madaniyat muassasasi sifatidagi funksiyasini bajarishda innovatsion g‘oyalardan foydalanish, tashrifchilar sonini oshirish, marketingni rivojlantirish orqali muzeyning xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.  

Forumda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi nomidan direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rasulova va muzey fondlari bosh saqlovchisi Ravshan G‘ulomov qatnashdi. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismailovaning “Muzeylar evolyutsiyasi kesimida O‘zbekiston” mavzudagi ma’ruzasi ishtirokchilarga taqdim etildi.  

Ostona shahrida Qozog‘iston muzey kongressi o‘tkazildi. Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyining 10 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda Tojikiston, Ozarbayjon, Eron, Xitoy kabi o‘nlab davlatdan kelgan milliy muzeylar vakillari ishtirok etdi. Qozog‘iston tomonining taklifiga binoan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismailova ham Ostona shahriga xizmat safari bilan bordi. Kongress doirasida “Zamonaviy muzeylar: fan, ta’lim va innovatsiya” mavzusidagi xalqaro amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA