French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lini aks ettiruvchi kitob
17:36 / 2025-12-10

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida taniqli siyosatshunos, senator va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining ingliz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.  

Tadbirda davlat idoralari, diplomatik korpus vakillari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev  kirish so‘zi bilan ochdi.  

Qayd etilganidek, ushbu kitob mamlakatning strategik rivojlanish yo‘nalishini har tomonlama tahlil qilib, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi chuqur o‘zgarishlarni yoritib beradi. Unda iqtisodiyotni erkinlashtirish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda O‘zbekistonning xalqaro jarayonlarda faol ishtirokchi sifatidagi rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

– Nashrning ingliz tilidagi talqini allaqachon xalqaro miqyosda keng e’tirofga sazovor bo‘lgan, – deydi Senat a’zosi va «Ishonch» gazetasi bosh muharriri H.Ermatov. –  Avvalroq ushbu kitobning taqdimotlari Vashingtonda — AQSH Kongressi binosida, shuningdek BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Bu voqealar xorijlik mutaxassislar, siyosatchilar va diplomatlar orasida katta qiziqish uyg‘otib, Yangi O‘zbekiston qiyofasini jahon maydonida yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, kitob muallifi Qudratilla Rafiqov – taniqli siyosatshunos, 2016 yildan beri O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi. O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishiga bag‘ishlangan bir qator asarlar muallifidir.

“Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” — mamlakatdagi o‘zgarish jarayonlarini batafsil yorituvchi fundamental asar hisoblanadi. Nashr xorijiy kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ularga respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar maqsadi, mohiyati va natijalarini chuqurroq anglash imkonini beradi.

– Bugungi globallashuv davrida O‘zbekistonning yangi taraqqiyot yo‘li xalqaro hamjamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari B.Aloyev. – Inglizcha nashr chet ellik siyosatchilar, ilmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar uchun mamlakatimizdagi islohotlarni chuqurroq anglash imkonini beradi. Asarda siyosiy tizimni modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yangi imiji haqida batafsil ma’lumot berilgan. O‘zbekiston bugun yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Ochiqlik, taraqqiyot va inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyatga intilyapti. Kitob ana shu o‘zgarishlarning manzara va mantig‘ini keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qiladi.  

Ushbu tadbir  nafaqat yangi nashr taqdimoti, balki O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo‘lini dunyoga tanitishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Shahnoza Mamaturopova, Alimurod Madaminov (surat), O‘zA