O‘zbekistonning inson huquqi sohasida ta’lim bo‘yicha tashabbusi tegishli sessiyada ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) hujjatida aks etdi. Eslatib o‘tamiz, Jenevada 8 sentyabr kuni boshlangan anjuman 8 oktyabrga qadar davom etadi. Ma’lumki, aprel oyida BMT inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha mamlakatimiz milliy ma’ruzasi e’lon qilingan. Ushbu ma’lumot Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi tomonidan tayyorlangan yillik ma’ruza hamda Kengashning “Oliy komissar boshqarmasi va Bosh kotib ma’ruzalari” mavzusidagi hujjatiga kiritilgan. Mazkur hujjat ko‘rib chiqish uchun 60-sessiyaga taqdim qilingan.
34 ta davlat, jumladan respublikamiz muallifligidagi materiallarga asoslangan ma’ruzada Jahon dasturi to‘rtinchi bosqichi (2020-2024) doirasida yoshlar uchun inson huquqi sohasida ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha milliy chora-tadbirlar sharhi berilgan. To‘rt asosiy yo‘nalish – davlat siyosatini amalga oshirish choralari, o‘quv dasturlari, uslubiy materiallar va vositalar, pedagoglarni tayyorlash va qayta tayyorlash, inson huquqi sohasidagi ta’limni ilgari surish uchun qulay sharoit yaratish yo‘lida qo‘yilayotgan qadamlar ko‘rsatilgan.

Hujjatda ma’lumotlar asosida xulosalar shakllantirilgan bo‘lib, erishilgan natijalarni yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Namunalarga davlatimiz tashabbuslari, jumladan 2021 yil Jahon dasturi to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tuzish, shuningdek davlat grantlari orqali inson huquqi sohasida fuqarolik jamiyati loyihalarini qo‘llab-quvvatlash choralari kiritilgan.


O‘zbekiston hujjati rasmiy ma’ruzaga qo‘shilishi mamlakatimizning inson huquqini himoya qilish, milliy ta’lim dasturlari va institutsional mexanizmni rivojlantirish, shuningdek xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakati e’tirof etilayotganini tasdiqlaydi. Hisobotni tayyorlash va taqdim etishda ishtirok etish universal qadriyatlar va xalqaro majburiyatga sodiqlik namoyishi sifatida sohada global dasturni bundan keyin ham amalga oshirishi uchun zamin yaratadi.
O‘zA