Sharh
Boy tarixi, ko‘p asrlik madaniy meros ob’ektlari, tarixiy yodgorliklari, turfa rang tabiati bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga rom etib keladigan O‘zbekiston diyori hamisha xorijiy sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Har gal sayyohlik mavsumlarida tarixiy shaharlarimiz, kentlarimiz, diqqatga sazovor joylar va madaniy ansambllar hududida dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurgan turistlarni uchratamiz. Mamlakatimizning mavjud sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish yurtimizning jahon sahnidagi mavqeini yanada oshirish bilan birga, iqtisodiyotimizni mustahkamlashda ham alohida o‘rin tutadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida qariyb 8,6 million chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Quvonarlisi, bu raqamlar yildan-yilga o‘sib borayotgani yurtimizga qiziquvchilar safi kengayayotganidan darak beradi.
Bugungi kunda tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, yangi sayyohlik manzillarini yo‘lga qo‘yish, umuman, turizm sohasini yanada jadallik bilan rivojlantirish eng dolzarb masalalardan biri. Bu borada bir qator huquqiy asoslar qabul qilinib, muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, zarur infratuzilma yaratilayotgani e’tiborga molik.

Shu yil 20 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori sohadagi amaliy natijalar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur qarorda 2030 yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsad-vazifalari, bir qator choralar belgilab berildi. Jumladan, turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish, turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 milliard AQSH dollaridan oshirish maqsadlari ko‘zda tutilgani mazkur sohaning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini, davlat byudjeti daromadlarini oshirishdagi o‘rnini yanada kengaytiradi.

Shuningdek, qarorda 2030 yilgacha chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 milliondan 20 millionga yetkazish, shu jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadi belgilab berildi. Bu degani yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni 2 barobarga ortadi.
Buning uchun esa albatta, zarur chora-tadbirlar, amaliy sa’y-harakatlar qilinishi talab etiladi. Shu maqsadda qarorda O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda yo‘lga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish maqsadi belgilab qo‘yilganini alohida e’tirof etish lozim. Bundan tashqari, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish ko‘zda tutilayotgani tashrifchilarning xohish-istaklariga, tanlovlariga munosib javob beradigan qulay sharoit yaratilishiga zamin bo‘ladi.

E’tirof etish kerakki, yurtimizga keladigan sayyohlarning asosiy qismi, albatta, tarixi 2-3 ming yilliklarga borib taqaladigan, dunyoga mashhur bo‘lgan tarixiy shaharlarimizni, ajdodlarimizdan meros mahobatli obidayu yodgorliklarni borib ko‘rish, ziyorat qilish istagi bilan tashrif buyuradi. Shunday ekan, ziyoratgoh va muhim ob’ektlar hududida amaliy choralarni ko‘rish, qulay infratuzilmani yaratish dolzarb.
Bu borada 2026-2028 yillarda Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy ob’ektlarni bog‘lovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish bo‘yicha “Samarqandning meros yo‘li” loyihasini amalga oshirish belgilandi. Aholining turmush tarzi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uyg‘unlashtirgan holda Xiva shahridagi Ichan-qal’a majmuasini jahonda yagona bo‘lgan immersiv va “aqlli” muzey-shaharga aylantirish maqsadi belgilab berildi. Poytaxtimiz Toshkent shahri bo‘yicha esa modernizm yodgorliklarini YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha materiallar taqdim etish maqsadi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, ushbu qarorga muvofiq, turizmni rivojlantirish maqsadida qator yengillik va imtiyozlar ham amalga kiritiladi. Xususan, turizm sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026 yil 1 martdan boshlab Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turistik startaplar uchun har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi. Bunda yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi loyihalar ko‘zda tutiladi.
Shu bilan birga, turizm sub’ektlari tomonidan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar import qilinganda bojxona bojidan ozod etiladi. Qoraqalpog‘istonda litsenziyaga ega turoperatorlar ekstremal turizm uchun 2,4 litrdan katta dvigatelli transport vositalarini import qilganda, bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini faqat 25 foiz miqdorda, 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniga ega bo‘ladi. Yana bir qator shu kabi yengilliklar, imtiyozlar taqdim etilayotgani turizm rivojiga, mazkur yo‘nalishdagi sub’ektlar, tadbirkorlar faoliyati samaradorligiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori mamlakatimizning mavjud turistik salohiyatidan unumli foydalanish, sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, milliy turistik mahsulotlarimizning dunyo bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash hamda yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA