French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oʻzbekistonning “Qizil oltin”i yoki “BMB HOLDING”dan yana bir xushxabar (+video)
22:54 / 2024-10-08

Oʻzbekistonni oltinlar mamlakati deb atashmoqda. Bu, avvalambor, dunyoda eng sifatli – 99,99 foizli oltin maʼdani uchun boʻlsa, keyin tolasi baquvvat oʻzbek paxtasiga “oq oltin” deb nom berdilar. Yangi Oʻzbekistonda yana bir oltin yaratildi. U kurrai zamindagi deyarli barcha qitʼalarni zabt etayotgan “qizil oltin” – Oʻzbekiston zaʼfaronidir.

Atigi 4-yilda aql bovar qilmas ishlar roʻy berdi. “BMB HOLDING” kompaniyasi Jizzax viloyatining Baxmal tumani togʻoldi maydonlarida 700 gektarli zaʼfaron plantatsiyalarini tashkil etdi.

– Zaʼfaron inson qonidagi qand miqdorini meʼyorlashtiradi. Qolaversa, qon bosimi oshishiga yoʻl qoʻymaydi va muvozanat holatda ushlab turishga xizmat qiladi, – deydi “BMB Impex” direktori oʻrinbosari Mirkamol Mirhabibov. – U qonni suyultira olish xususiyatiga ega. Organizm zaʼfaron isteʼmol qilgach, oʻzida 3 bosqichli oʻzgarishlarni seza boshlaydi. Birinchisi, organizm tozalanadi, ikkinchisi, shikastlangan hujayralar tiklanadi va uchinchisi quvvatlanadi, yaʼni oʻzining quvvatini tiklaydi.

Ammo... zaʼfaron dunyodagi eng injiq, eʼtibortalab oʻsimlikdir. Unga doimiy moʻtadil, salqin havo, bir meʼyordagi namlik, kunbay ishlov kerak. “BMB HOLDING” zaʼfaron oʻstirishning barcha qiyinchiliklarini sabr va ilm bilan yenga oldi. Nihoyat, Oʻzbekiston dunyodagi zaʼfaron – “qizil oltin” yetishtiruvchi kam sonli davlatlar qatoridan joy oldi.

– Ilgari faqat xomashyo sifatida zaʼfaron mahsuloti yetishtirilayotgan, qadoqlanayotgan va sotilayotgan boʻlsa, hozirgi kunda zaʼfaronni chuqur qayta ishlab, undan yangi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganmiz. Ulardan zaʼfaron qoʻshilgan qora va koʻk choy, tabiiy asal hamda osh tuzini aytish mumkin. Yaqin kunlarda zaʼfaronli un ham ishlab chiqarish rejalashtirilgan, – deydi Mirkamol Mirhabibov.

Bugun Jizzax viloyatining Baxmal tumanida unutilmas voqea roʻy berdi. Zaʼfaron quritish va qayta ishlash korxonasining ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻldi. Shu munosabat bilan bu yerga yurt oqsoqollari, mamlakat vazirlik va idoralari masʼullari, viloyat va tuman rahbarlari keldilar.

– Men muhtaram Prezidentimizga alohida rahmat aytmoqchiman. Chunki bu loyihaning bosh tashabbuskori ham, asosiy qoʻllab-quvvatlovchisi ham Prezidentimizdir, – dedi “BMB HOLDING” Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov. – Salkam 3-yillik izlanishlar, oʻrganishlardan soʻng oʻtgan yili Amerika Qoʻshma Shtatlariga eksport qilish huquqini qoʻlga kiritgandik. Bu yil esa “USDA ORGANIC” sertifikatini oldik. Bu jahon bozorida juda katta eʼtiborga ega boʻlgan sertifikat hisoblanadi. Zaʼfaronga olingan mazkur sertifikat Oʻzbekistondagi oziq-ovqatlar uchun olingan birinchi rasmiy ruxsatnomadir.

– Bu hamkorlikdagi loyiha va hali bizning yoʻlimiz uzoq, – deydi Italiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna. – Oʻzbekiston zaʼfaronining Yevropa bozorida qatʼiy oʻrin egallashi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarni har taraflama qoʻllab-quvvatlayotgani tufayli roʻy berdi, deb oʻylayman.

Alvon tasma kesilib, yangi korxona ish boshladi. Bu yerda zaʼfaron quritish, saralash, qadoqlash boʻlimlari bor. Zaʼfaron plantatsiyalarini kengaytirish, quritish va qayta ishlashni tashkil etish loyihasining umumiy qiymati 120 mln. yevroni tashkil etadi. Jumladan,

–70 mln. yevro toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar;

–37 mln. yevro oʻz mablagʻi;

– 13 mln. yevro kredit mablagʻlari.

2024-yil 8-9-aprel. Oʻzbekiston Prezidenti Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida zaʼfaron plantatsiyalarini 2 ming gektarga yetkazish topshirigʻini berdi. Jumladan, endi Gʻallaorol va Zomin tumanlarida ham zaʼfaron plantatsiyalari bunyod etiladi.

2024-yilning sentyabr oyidan eʼtiboran Baxmalning yana 300 gektar maydonlari oʻzlashtirilib, zaʼfaron piyozboshlari ekilmoqda.

Oʻzbek zaʼfaroni dunyoning eng toza ekologik mahsulotlaridan biri deb topildi. Bu esa dunyo bozoriga ochilgan eshik edi.

Zaʼfaron mahsulotlari eksporti 2021-yilda 1,2 mln. yevro boʻlgan boʻlsa, 2022-yilda 2,7 mln. Yevro, 2023-yilda 4,5 mln. yevroni tashkil etgan. 2024-yilda 12 mln. yevroga yetkazish rejalashtirilgan.

“BMB HOLDING” nou-xao sifatida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda “AgroNanoGel” gidrogel mahsulotini qoʻllay boshladi. Gidrogel oʻsimliklar uchun suv zaxirasi hisoblanadi. Uning qoʻllanishi butun vegetatsiya davrida oʻsimliklar uchun optimal suv sharoitlarini taʼminlaydi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishloq xoʻjaligida gidrogelning qoʻllanishi 40-45 foizgacha suvni tejash imkoniyatini beradi.

– Ayni paytda dalalarimizda gidrogel qoʻllash jarayoni davom etyapti. Har bir tuganakning ostiga 2 grammdan gidrogel solib usti tuproq bilan yopilmoqda. Urugʻlarimizning oraliq masofasi 10 sm ni tashkil qiladi. Hozir 70 ga 10 sxemada ekyapmiz, – deydi “BMB HOLDING” boʻlim boshligʻi Sobirjon Egamberdiyev.– U bir tuganakning ostida 6 oygacha namlikni saqlab turadi. Hozirgi holatdagi 2 gramm gidrogelimiz suvni toʻliq yutgan.

– Ekilganidan ikki kundan soʻng sugʻorish boshlanadi. Sugʻorilganidan keyin uzogʻi bir oy yoki 20 kunda gullay boshlaydi. 5-yil davomida xosil beraveradi, – deydi “BMB OPERA” ijrochi direktori Asliddin Xudoynazarov.

“BMB HOLDING”ning oltin qoidasi bor. Qayerda, qaysi yoʻnalishda ish yuritilmasin, ijtimoiy masalalar uning uchun birlamchi. Baxmalda ham zaʼfaron yetishtirish jarayonida 120 ta doimiy, 25 ming nafar mavsumiy ish oʻrni yaratildi.

– Boʻston qishlogʻida yashayman. Hozirgi kunda “BMB HOLDING” kompaniyasida ishchi boʻlib ishlayman. Zaʼfaron tufayli qishlogʻimizdagi barcha uyda oʻtirgan ayollar ish bilan taʼminlandi. Ishchi xodimlarga avtobuslar qoʻyilgan, sharoitlar yaxshi. Issiq ovqat beriladi, – deydi ishchi Maʼrifatxon Berdaliyeva.

Shu bilan birga loyiha tashabbuskori tomonidan qoʻshimcha ravishda kiritilgan 5 mlrd. soʻm sarmoya natijasida 2,5 km.ga yaqin yoʻllarga beton qoplamasi yotqizildi va 35 km uzunlikda elektr tarmoqlari tortildi.

“BMB HOLDING”, uning zaʼfaron plantatsiyalari, bugun ochilgan yangi korxonalar aslida Oʻzbekiston Prezidentining nafaqat ochiqlik, balki iqtisodiy erkinlik siyosatining natijalaridir.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/KD1CbwPBxf4?si=TjIiKPnN0KHdf8x3" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat,video),

OʻzA muxbirlari