Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yangi rekordni qayd etdi
14:22 / 2026-02-09

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026 yil fevral oyiga kelib ilk bor 75 milliard dollardan oshdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyi yakunida mamlakatning xalqaro zaxiralari 75,08 mlrd. dollarni tashkil etgan.

Bir oy davomida zaxiralar hajmi 8,8 mlrd. dollarga oshgan. Shu bilan, oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket oltinchi oy o‘z tarixiy maksimumini yangiladi. So‘nggi bir yil ichida xalqaro zaxiralar hajmi 82 foizdan ortiq ko‘paygan.

Yanvar oyida zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati qariyb 10 mlrd. dollarga o‘sib, 65 mlrd. dollarga yaqinlashdi. Oltinning fizik hajmi esa 12,8 million troya unsiyani tashkil etdi. Shu bilan birga, valyuta zaxiralari 1,2 mlrd. dollarga qisqarib, 9,5 mlrd. dollarga tushgan.

Oltin zaxiralari qiymatining keskin oshishiga jahon bozorlarida oltin narxlarining ko‘tarilishi asosiy omil bo‘ldi. Xususan, 2026 yil yanvar oyida oltin narxi ilk bor bir troya unsiya uchun 5,5 ming dollardan oshdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qiymati ilk bor 59,3 mlrd. dollardan oshgan. 2025 yil 1 dekabrda ushbu ko‘rsatkich 61,23 mlrd. dollarni, 2026 yil yanvar oyida esa 66,3 mlrd. dollarni tashkil etgan edi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA