Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun keyingi besh yil yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu davrda korxona miqyosida ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi konlarni o‘zlashtirish, gidrometallurgiya zavodlari barpo etish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan kombinatni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida “Oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish (7-GMZ)” loyihasi ana shunday muhim ishlardan biridir.
– Texnogen chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan ushbu zavod kombinat jamoasi tomonidan qisqa davrda qurib bitkazildi, – deydi 7-GMZ direktori Farhod Cho‘liyev. – Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda kombinat mutaxassislari va muhandis-texnologlari zamonaviy korxonalarni qurish, ular uchun kerakli jihozlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga erishdi. Bu investitsion loyihalarni amalga oshirishda juda qo‘l kelyapti. Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar esa bunday ulkan ishlarni amalga oshirishga zamin yaratmoqda. Yana bir gap. Zavod qurilishida qo‘llanilgan asosiy texnologik uskunalar, turli dastgohlar, butlovchi materiallar, sharli tegirmonlar chet eldan sotib olinmasdan, Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilganini alohida ta’kidlash joiz.
Oltinni uyumda eritmaga o‘tkazish sexi hududida yillar davomida tarkibida kam miqdorda oltin bo‘lgan texnogen chiqindilar to‘planib qolgan, ularni qayta ishlash uchun rag‘bat, ko‘mak va yangi texnologiyalar kerak edi. Kombinat mutaxassislari tomonidan bu borada takliflar ishlab chiqildi. Natijada kombinat tomonidan ilgari dunyo amaliyotida bo‘lmagan texnogen chiqindilarni qayta ishlaydigan zamonaviy korxona barpo etildi. Zavodning boshqa turdosh zavodlardan ajralib turadigan ustunligi shundaki, bu yerda joriy etilgan texnologiyalar texnogen chiqindilarni qayta ishlash va uning tarkibidagi oltinni olish imkonini berdi. Ya’ni, zaxiraga olingan ma’danni eng murakkab jarayonlar orqali, ya’ni, kislotali ishqorda yana qayta ishlab, mahsulot olish yo‘lga qo‘yildi.
– Korxonada texnogen chiqindilardan mahsulot olinishi ekologik jihatdan barcha talablarga to‘la javob beradi, – deydi F.Cho‘liyev. – Eng muhimi, qayta ishlash jarayonida faqatgina mahalliy kimyoviy mahsulotlar ishlatiladi. Bu esa ichki bozorning o‘sishiga olib keladi, mahsulot tannarxini arzonlashtiradi. 2020 yilda ma’danni qayta ishlashga ixtisoslashgan to‘rtta tegirmon ishga tushirilishi hisobiga shu yili 3,3 million tonnadan ortiq ma’dan qayta ishlangan bo‘lsa, keyingi yillarda yana ikkita tegirmon, jami oltita tegirmon ishga tushirilishi natijasida 2022 yilning o‘tgan olti oyda 8,4 million tonnaga yetkazildi. Bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 15,7 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
bugungi kunda zavod zamonaviy boshqaruv tizimlari bilan jihozlangan korxona hisoblanadi. Ayni paytda unda 845 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Ularni asosan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, boshqa oliygohlarni tugatib kelgan yosh mutaxassislar tashkil etadi.
2021 yil avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu zavodga kelishi, yosh rahbar-mutaxassislar bilan uchrashgani yangidan-yangi istiqbollarni belgilab berdi. Uchrashuv jarayonida Shavkat Mirziyoyev yoshlarga qarata: “So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda yerosti boyliklarini o‘zlashtirish ishlari 30 foizga oshdi. Sanoatimizga yangi, ilg‘or texnologiyalar kirib keldi. Eng muhimi, bu zamonaviy korxonalarda ishlay oladigan bilimli mutaxassislar yetishib chiqyapti. Davlatimiz uchun yerosti boyliklaridan ham qadrli boylik bu – sizlarsiz”, degan edi.
Bu da’vat jamoani yanada to‘lqinlantirib yubordi va ularni yangi marralar sari ruhlantirdi. Shuningdek, yaqinda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, zavodning sex boshlig‘i Ulug‘bek Quvondiqov davlatimizning yuksak mukofoti – “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangani ahil jamoaga cheksiz quvonch bag‘ishladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar zamirida zavod jamoasining o‘z kasbiga sadoqati, bildirilgan yuksak ishonchga amaliy javobi mujassam. Ular birgalikda belgilangan vazifalarni muddatidan oldin bajarishga, boshqacha aytganda, Yangi O‘zbekiston tarixining yangi sahifalarini zarhal harflar bilan bezashga qodirliklarini amalda namoyon etmoqda.
[gallery-8022]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA