English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning odam savdosiga qarshi kurashishga oid tajribasi xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda
10:05 / 2022-07-29

Toshkentda “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida milliy va xalqaro sheriklikni mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal O‘zbekiston Prezidentining muammolar yechimiga kompleks yondashuvi tufayli odam savdosiga qarshi kurashish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani va bu islohotlar aniq natijalar berayotganini e’tirof etdi.   

Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva Prezident boshchiligida inson huquqlari tizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 

Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.   

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etilgandan buyon, ya’ni keyingi 3 yilda ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadida 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. 

Odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi. Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi belgilandi. Qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi. 

Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, YeXHT, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 10 ga yaqin “Yo‘l xaritalari” qabul qilindi. Ularning ijrosi Milliy komissiya tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. 

Tadbirda so‘zga chiqqan AQSHning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Polites Pol O‘zbekiston odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida ulkan natijalarga erishganligini e’tirof etdi. O‘zbekiston yaqin vaqtda AQSH davlat departamentining dunyoda odam savdosi to‘g‘risidagi yillik hisobotida o‘z pozitsiyasini eng yuqori bosqichga olib chiqish imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidladi. 

Tadbirda qator xalqaro tashkilotlarning ekspertlari, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mutaxassislari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlaridan soha bo‘yicha yetakchi mutaxassislari hamda mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda qator davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi. 

Ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlarining odam savdosiga, ayniqsa zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida amalga oshirilayotgan odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. 


N.Abduraimova, O‘zA