Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning ochiqlik siyosati: demokratik islohatlar va inson huquqlarining ro‘yobi yo‘lidagi odimlar
11:49 / 2021-08-11

2021 yil mamlakatimiz tarixiga siyosiy jarayonlarga boy yil sifatida kirmoqda. Bu yilning eng asosiy voqealaridan biri — O‘zbekiston mustaqillik yo‘lini tanlaganiga 30 yil to‘lishidir.

Ushbu buyuk ne’matga erishish yo‘li naqadar murakkab bo‘lgani, bu yo‘lda qanchadan-qancha ziyoli, mard, vatanparvar bobolarimiz shahid bo‘lganini eslash, ularni xotirlash, shunday dorilamon kunlarda yashayotganimizga shukronalar aytish, shu ma’noda, mustaqillikning qadriga yetishimiz har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.

bugungi musaffo osmonimiz, dunyo hamjamiyatida o‘zimizga xos mavqega ega bo‘lishimiz, eng asosiysi, o‘zimizning ona tilimizda emin-erkin so‘zlab, o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashimiz, ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimizning qayta tiklanishi mustaqillikning eng katta in’omlaridandir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Istiqlol yillarida iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy, umuman, barcha sohalarda, ayniqsa, oxirgi besh yillikda mamlakat taraqqiyoti, xalq manfaati yo‘lida olib borilgan islohotlar va erishilgan yutuqlar nafaqat xalqimiz, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Albatta, bunday yutuqlarga erishishimizning asosiy sababi barcha islohotlar zamirida xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerakligi, odamlarning ertaga emas, bugun yaxshi yashashi muhimligi bosh shior etib olinganidir. Eng asosiysi, xalqimiz ijobiy o‘zgarishlarni o‘z hayotlarida his qila boshladi, shu sababdan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda yagona maqsad yo‘lida mushtarak bo‘lib odimlashda davom etmoqda.

Inson uchun hamisha uning huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlaridan muhim qadriyat bo‘lmagan. Mamlakatimizda aynan bu borada keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda. Hech kimga sir emas, bir necha yillar muqaddam O‘zbekistonda inson huquqlari holati xalqaro hamjamiyat va tashkilotlar tomonidan qattiq tanqidga olinar, bu nafaqat yurtimiz nufuziga, balki mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatar edi.

Ta’kidlash lozim, mazkur yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan chora tadbirlar, eng avvalo, O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, inson huquqlari bo‘yicha faoliyat olib boradigan tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish hamda mazkur sohada xalqaro hujjat me’yorlarini milliy qonunchilikka bosqichma bosqich implementatsiya qilinayotgani o‘z mevasini bera boshladi.

O‘tgan yilning oktyabrida O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga ko‘pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylanishi hamda joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 142-sessiyasida Parlamentimiz quyi palatasi a’zosining Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha doimiy qo‘mita a’zoligiga Yevroosiyo mintaqasi tomonidan saylanishi dunyo hamjamiyatining mamlakatimizda mazkur sohada olib borilayotgan ishlarga yuksak e’tirofi bo‘ldi deyish mumkin.

Bir necha yillar oldin mamlakatimizning paxta yetishtirish va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalarida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan keng foydalanishi G‘arb mamlakatlari tomonidan keskin qoralanib, bu davlatning o‘z xalqiga nisbatan qasddan qiladigan davlat siyosati deb baholangan edi. Buning natijasida dunyoning Asda, Gap, Marks & Spencer va Tesco kabi yirik kompaniyalari o‘zbek paxtasiga boykot ham e’lon qilgandi.

Davlatimiz rahbarining paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasini bekor qilish orqali bolalar va majburiy mehnatdan butunlay voz kechish kabi kulminatsion va strategik qarorlari natijasiga bugun o‘zimiz guvoh bo‘lib turibmiz. Xalqaro Mehnat Tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Xants Kollerning ta’kidlashicha «XMT va O‘zbekistonning hamkorligi natijasida O‘zbekistonda majburiy mehnat nafaqat barham topdi, balki bu illat o‘tmishga aylantirildi».

Inson huquqlarining eng muhim sharti bo‘lgan шахс­нинг fuqaroligini tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar natijasida ko‘p yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan, fuqarolik olishdan deyarli umidini uzgan 50 mingdan ziyod kishiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.

Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 1991 yil sentyabrdan bugungi kunga qadar 8249 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilgan. Ularning asosiy qismi – 7765 nafari (94 foizi) 2016 yilning dekabridan 2019 yil iyul oyiga qadar fuqarolikka qabul qilingan. Dunyoda fuqarosiz insonlarning qolmasligi maqsadi ko‘zlangan kampaniyani boshlagan BMT Qochqinlar idorasi O‘zbekiston rahbariyatining ushbu sa’y-harakatlarini yuksak baholab, boshqa davlatlarni ham ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda o‘rnak olishga chaqirgani ta’kidlash lozim.

Yuqorida sanab o‘tilgan e’tiroflar birgina sohada erishilgan yutuqlarning bir qismi, xolos. Bu haqda boshqa sohalarda erishilgan va erishilayotgan natijalar haqida vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida uzoq gapirish mumkin. Eng muhimi, mamlakatimiz xalqi islohotlar natijalarini o‘tayotgan har bir kunida his qilib, tinch va osoyishta hayotiga shukrona keltirib yashamoqda. Zero, bosh maqsad odamlarni rozi qilishdir.

Nodir TILAVOLDIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

«Milliy tiklanish» fraksiyasi a’osi