Munosabat

Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, ziddiyatlar va turli inqirozlarga qaramasdan, O‘zbekiston milliy manfaatlarini ilgari surib, xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ekti sifatida o‘zining tinchlikparvar tashqi siyosatini samarali amalga oshirib kelmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda, jumladan, O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilishi belgilanmoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish asosiy ustuvor yo‘nalish, deb belgilanishi hamda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va tashabbuslar natijasida so‘nggi yillarda mintaqada siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi. Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi, turli darajadagi o‘zaro rasmiy tashriflar almashinuvi jadallashdi, davlatlar va shaharlararo transport aloqalari qayta tiklandi. Shuningdek, mintaqada suvdan foydalanish, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegaralarni kesib o‘tish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish kabi masalalarga yechim topildi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib, O‘zbekistonning mintaqaviy tashqi savdo aylanmasi hajmi 2022 yil yakuniga kelib 2016 yilga nisbatan 3 barobarga oshdi va 7,5 milliard dollarni tashkil etdi.
E’tiborli jihati shundaki, bugungi kunda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan oliy va yuqori darajadagi rasmiy tashriflar almashinuvi muntazamlik kasb etib, ular doirasida imzolanayotgan ikki va ko‘p tomonlama shartnomalar soni va ko‘lami ham kengayib bormoqda. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston qo‘shni Turkmaniston, Qirg‘iziston (2017 yil) va Tojikiston (2018 yil) bilan strategik sheriklik o‘rnatdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risi”da shartnoma (2022 yil) imzolandi.
Qolaversa, Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi (2022 yil 7 iyul) doirasida “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi.
Qo‘shni davlatlar bilan bunday muhim ahamiyatga ega ikki va ko‘p tomonlama shartnoma va kelishuvlarga erishilganligi O‘zbekiston olib borayotgan tinchlikparvar, pragmatik va faol diplomatiyaning mahsulidir. O‘zbekiston mintaqaviy tashqi siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi, bu o‘z navbatida, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim strategik qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur hujjatlarning imzolanishi global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi ortib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikning rivojlanishi namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonidagi o‘rni va sa’y-harakatlari ham e’tiborga molik. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri Afg‘onistonda tinchlikka erishishga qaratildi hamda mazkur mamlakat xavf emas, imkoniyatlar manbai sifatida e’tirof etila boshlandi.
So‘nggi yillarda nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari bilan ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik mustahkamlanmoqda, balki dunyoning boshqa mintaqalari, xususan, Yevropa, Amerika, Kavkaz, Janubi-sharqiy Osiyo, Arab davlatlari, Hind va Tinch okeani mintaqalaridagi davlatlar bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar va strategik hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
O‘zbekistonning 2022-2023 yillarda uchta nufuzli xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida raislik qilishi hamda mamlakatda mazkur tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning muvaffaqiyatli tashkil etilganligi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati va ko‘p tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston olib borayotgan faol tashqi siyosat mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qilmoqda.
Muhim siyosiy hujjat – Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ham O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni izchil olib borishi, mamlakat atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini ta’minlashi, mintaqa davlatlari bilan ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarini yanada mustahkamlashi, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni faol ilgari surish, shuningdek, O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga mustahkam zamin yaratadi.
Farrux HAKIMOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA