Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “M360 GSMA Eurasia” 2025 forumi doirasida Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik (ASHH)ga a’zo davlatlar aloqa ma’muriyatlari rahbarlari Kengashining 63-yig‘ilishi hamda MDHga a’zo davlatlarning Axborotlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashining 31-yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishga raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov raislik qilmoqda.

Tadbirda mamlakatimiz hamda Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi aloqa ma’muriyatlari rahbarlari vakillari ishtirok etmoqda. Shu bilan birga Afg‘oniston delegatsiyasi kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
2022 yilda birinchi bor Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Aloqa ma’muriyatlari rahbarlari kengashi raisi etib saylangan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov joriy tadbir doirasida yana 3 yilga ushbu lavozimga qayta saylandi.

Tadbir doirasida mintaqaviy raqamli integratsiya, telekommunikatsiya infratuzilmasini keng rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalariga asoslangan aloqa tizimlarini yanada kengaytirish kabi eng dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda.

N.Rahmonova, O‘zA