Oxirgi yillarda O‘zbekiston MDH doirasidagi faoliyatini sezilarli darajada faollashtirdi. 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Hamdo‘stlikda birinchi marta raislik qildi. Ushbu davrdagi muhim voqea MDH Hukumat rahbarlari kengashi tomonidan 2030 yilgacha bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish strategiyasining qabul qilinganidir.
Qabul qilingan hujjatning ahamiyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bosh ilmiy xodimi Aleksey Kustov bilan suhbatlashdik.
MDH davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Hamdo‘stlikni ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni, ayniqsa savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishni chuqurlashtirishning muhim mexanizmi deb biladi.
Ta’kidlash joizki, Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekiston birinchi marta 2020 yilda MDHga raislik vazifasini o‘z zimmasiga oldi va ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish va samaradorligini oshirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab oldi.
Hamdo‘stlik davlatlari tomonidan MDHni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining qabul qilinishi O‘zbekiston raisligi davrida muhim voqea bo‘ldi. Ushbu strategik hujjatda belgilangan maqsadlar harakatlar rejasi asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi. Shunga asoslanib, 2021-2025 yillarda strategiyaning birinchi bosqichi uchun MDHga a’zo davlatlar iqtisodiyotidagi COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari bilan bog‘liq vaziyatni hisobga oladigan Harakatlar rejasini tayyorlash bo‘yicha faol ishlar olib borildi.
Strategiyaning qabul qilinishi MDH davlatlarining uzoq muddatli manfaatlari va iqtisodiy rivojlanishining asosiy maqsadlari o‘zaro mos kelishini yana bir bor tasdiqlaydi, shuningdek, ularning teng va ko‘p qirrali hamkorlikdan manfaatdorligini tasdiqlaydi.
Ta’kidlash joizki, qabul qilingan hujjat keng qamrovli bo‘lib, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy o‘zaro aloqalarning 30 ga yaqin yo‘nalishini qamrab oladi. Qo‘shma sa’y-harakatlar davlatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustaxkamlash, yangi kooperatsion va infratuzilmaviy loyihalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Ishlab chiqarish texnologiyalari va ilmiy-texnika soxalarida hamkorlik, innovatsiyalarni joriy etish va “raqamli jamiyat”ni rivojlantirish, ta’lim salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratiladi.
Yuqori texnologik transport tizimlarini yaratish, raqobat siyosatini shakllantirish, agrosanoat kompleksi, pul-kredit va moliya, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish ham tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Strategiyaning asosiy maqsadi — hamkorlikda barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun qulay sharoitlarni yaratish va fuqarolar farovonligi darajasini oshirishdir.
Shu munosabat bilan Strategiyani amalga oshirishning asosiy ko‘rsatkichlari aniqlandi. Bular YAIM o‘sish sur’atlarining jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlar darajasidan yuqori bo‘lishi, jon boshiga YAIMning o‘sishi, aholining umr ko‘rish davomiyligi va o‘zaro savdo kabilardir. Shuningdek, energiya sarfini kamaytirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va Jahon bankining “Ishbilarmonlik darajasi” va Jahon iqtisodiy forumining global raqobatbardoshlik reytinglarida davlatlar o‘rnini ko‘tarish rejalashtirilgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, MDH davlatlari o‘z maqsadlariga erishish uchun barcha zarur resurslarga ega. Hamdo‘stlik dunyo hududining 16 foizini egallaydi, unda 286 million kishi yoki dunyo aholisining 3,8 foizi yashaydi. Hamdo‘stlik mamlakatlari dunyoning tabiiy gaz va ko‘mir zahiralarining deyarli 30 foiziga, neftning 20 foiziga, uranning 36 foiziga, oltinning 20 foiziga, haydaladigan yerlarning 13 foiziga egalik qiladi.
MDHni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish Strategiyasi qabul qilinishining mamlakatimiz manfaatlariga mos kelishi nuqtai nazaridan bir qator muhim jihatlarini ta’kidlash lozim.
Birinchidan, oxirgi bir necha yil ichida O‘zbekiston turli darajadagi maslahatlashuv tuzilmalarida tarmoqlararo kooperatsiya, savdo-iqtisodiy sohadagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston MDH doirasidagi iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni izchil chuqurlashtirdi, bu esa asosiy sheriklarimiz bilan iqtisodiy integratsiya hamda savdo-sanoat kooperatsiyasi masalalarini samarali hal qilishga imkon berdi.
O‘zbekiston MDHga raisligi davrida Iqtisodiy kengash, Savdo-sanoat palatasi rahbarlari kengashi majlislari, "Biznes tashabbuslari haftaligi" doirasidagi tadbirlar o‘tkazildi. Shu o‘rinda, Hamdo‘stlik davlatlarining tijorat arbitraji, iqtisodiy va sayyohlik forumlari sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlab o‘tkazilgan "davra suhbati"ni alohida ta’kidlashimiz mumkin.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Hamdo‘stlik davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan mintaqaviy darajada kengaytirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligini ta’kidlash muhimdir. MDH mamlakatlari davlatimizning eng muhim iqtisodiy sheriklaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. bugungi kunda ularning xissasiga mamlakat tashqi savdosi umumiy hajmining 31,2 foizi to‘g‘ri keladi. MDH davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston Rahbariyati tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida so‘nggi 4 yil ichida O‘zbekiston va Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,3 milliarddan 14,4 milliard dollarga oshdi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning maqsadi nafaqat iqtisodiy jihatdan asoslangan sanoat ishlab chiqarish munosabatlarini saqlab qolish, balki ularni samarali rivojlantirishga ham qaratilgan. Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘li – bu MDH davlatlari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishdir. Avvalo, bu ishlab chiqarish va texnologik aloqalarni rivojlantirish va sarmoyaviy hamkorlikdir.
MDH platformasidagi hamkorlik mexanizmi investitsiyaviy, texnikaviy va savdo-iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlarini jamlashga imkon beradi. Bunday kooperatsiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ishlab chiqarish hajmining ortishi va o‘zaro savdo hajmining o‘sishiga yordam beradi. Shu bilan birga, hamkorlikdagi sa’y-harakatlarning istiqbolli yo‘li bu o‘zining samaradorligini isbotlagan "soddalashtirilgan yashil yo‘laklar" amaliyotini kengaytirishdir.
To‘rtinchidan, zamonaviy jahon tajribasini inobatga olgan holda, 2011 yil “Erkin savdo zonasi to‘g‘risida”gi bitim asosida MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro savdosini yanada rivojlantirish ustuvor vazifaga aylanadi. Zero, ushbu kelishuv Hamdo‘stlik makonida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan hal qiluvchi mexanizmlardan biridir.
Erkin savdo zonasi milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining MDH mamlakatlari bozorlariga kirishini osonlashtiradi. Ushbu omil O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha resurslarni taqdim etadi.
Shunday qilib, kelishuv doirasidagi erkin savdo shartlari MDH iqtisodiy makonida sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, yengil sanoat va metallurgiya mahsulotlarini yanada samarali ilgari surish uchun barcha imkoniyatlarni beradi. Demak, hujjat va uning mexanizmlari yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan eksportga yo‘naltirilgan yuksak texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Xulosa qilib aytish kerakki, Hamdo‘stlik a’zolarining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishda 2030 yilgacha MDH iqtisodiy rivojlanish Strategiyasi muhim rol o‘ynashi kerak. Hujjat ularning umumiy va milliy manfaatlarini barqarorlashtiradi, o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning yondashuv va ustuvor yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.
Bundan tashqari, Strategiya qoidalari har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini to‘liq ochib berish bilan birgalikda butun Hamdo‘stlik hududidagi iqtisodiy aloqalar samaradorligini izchil oshirishga xizmat qiladi.
MDHning 2030 yilgacha bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish Strategiyasi, ishlab chiqarishga to‘rtinchi sanoat inqilobining so‘nggi texnologiyalarini joriy etish orqali texnologik modernizatsiyani, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish asosida eksport salohiyatini oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi sifat bosqichiga o‘tishga hissa qo‘shadi, deb ishonch bilan ayta olamiz.
Shu bilan birga, ushbu hujjatda belgilangan masalalarning amalga oshirilishi Hamdo‘stlik mamlakatlari iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshiradi va turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiradi. Bu esa yakunda MDHning jahon iqtisodiy aloqalaridagi mavqeini mustahkamlaydi.