2025-yil O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlandi. Tahlilchilarga ko‘ra, mintaqaviy integratsiya mamlakatimiz uchun strategik yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ya’ni, nafaqat tovar ayirboshlash, balki mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik mexanizmi ham faollashgan.
Umumiy savdo hajmi
O‘tgan yil respublikamizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi salkam 8,3 milliard dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan taxminan 15 foiz o‘sishga erishildi. Bu umumiy tashqi savdoning qariyb 10,2 foizi, degani. Umumiy ko‘rsatkichda eksport ulushi 3,1 milliard, import esa 5,1 milliard dollardan oshdi.
O‘zbekistonning mintaqadagi eng yirik savdo sherigi sifatida Qozog‘iston ulushi umumiy aylanmaga nisbatan taxminan 60 foizga teng. Savdo o‘sishi sur’ati – 111,4 foiz. Eksport – 1 545,8 million, import – 3 423,8 million dollar.
Xorijiy iqtisodiy munosabatlarimiz doirasidagi yana bir muhim ishtirokchi hisoblangan Qirg‘izistonning mamlakatimiz bilan savdosi ulushi taxminan 14 foiz: Eksport – 771,1 milliard, import – 428,1 milliard dollar.
2025-yil e’lon qilingan rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo aloqalari ham sezilarli jadallashib, o‘zaro savdo aylanmasi avvalgi yilga nisbatan 104,7 foiz ko‘tarildi.
O‘tgan mavsum O‘zbekiston – Tojikiston tashqi savdo aylanmasi 129,9 foiz o‘sish sur’atini namoyon etdi.
Qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan asosiy tendensiya – savdo hajmi izchil va barqaror o‘sib borishidir. Bu holat mintaqaviy bozorni diversifikatsiya qilish, tashqi savdo geografiyasini kengaytirish hamda umumiy iqtisodiy zanjirni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ishlab chiqarish kooperatsiyasi, sanoat aloqalari va investitsiya loyihalarini ham faollashtirib, Markaziy Osiyo iqtisodiy integratsiyasi jarayonini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Shu bilan birga hamkorlik transport va logistika infratuzilmasi rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq tarzda kechmoqda. Temir yo‘l, avtomobil va tranzit yo‘laklari, chegaradan o‘tish manzillari takomillashtirilishi tovar va xizmat almashinuvi ko‘lamini kengaytirmoqda. Natijada qo‘shni bozorlarga mahsulot yetkazib berish muddati qisqarib, logistika xarajati kamaymoqda. Bunday sa’y-harakatlar raqobatbardoshlikni oshirish va mintaqaviy savdo miqdorini oshirishga zamin yaratmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tKS-b85mu7Y" title="O`zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dilshod Hakimov, O‘zA