Yaqinda “BMB Holding” rahbariyati Malayziya va Xitoy davlatlarining nufuzli ishbilarmon doiralari bilan o‘tkazgan uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Holding kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Sardorbek Rozuqulov boshchiligidagi muloqotda Malayziyaning “SMITA International Trade Association” prezidenti Megane Su hamda Xitoy davlatining Xenan provinsiyasining tadbirkorlar vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida mehmonlarga kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tarkibidagi korxonalar va hozirda amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiya loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi. “SMITA International Trade Association” — Malayziyada kichik va o‘rta biznesni xalqaro savdoga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi tuzilma sifatida tanilgan bo‘lib, uning ishtirokida o‘tgan muloqot kelgusidagi qo‘shma tashabbuslar uchun muhim asos bo‘lishi shubhasiz.
Muzokaralar davomida taraflar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, ayniqsa chuqur qayta ishlangan va dukkakli turlarni Malayziya hamda Xitoy bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xenan provinsiyasi ishbilarmonlari esa saxovatli Jizzax vohasi zaminida yetishtirilib, qayta ishlanayotgan ushbu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanini, Megane Su esa Malayziya bozorida tabiiy va qayta ishlangan agrar mahsulotlarga talab ortib borayotganini qayd etdi. Mehmonlarning qiziqishi shu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotlarni izchil davom ettirish, amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish va qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishib olishdi. Bu kelishuv xalqaro savdo aloqalarida yangi qadam bo‘lib, kelgusida O‘zbekiston – Malayziya va Xitoy davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashda mustahkam zamin bo‘lishi shubhasiz.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri