Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekistonning madaniy merosi – hamkorlik ufqlarini kengaytiradi
19:38 / 2020-12-16

O‘zbekistonning tarixiy merosi o‘zining boy va betakrorligi bois, azaldan dunyo e’tiborida bo‘lib kelgan.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan "O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori" mavzusidagi IV xalqaro kongressining navbatdagi ish kuni ham qiziqarli ilmiy mavzularga boy bo‘ldi. Anjumanning galdagi mavzusi O‘zbekistonning madaniy merosi – hamkorlik ufqlarini kengaytirish, tamaddunlar va renessanslarning o‘zaro ta’siriga bag‘ishlandi.

Xalqaro kongressda madaniy merosni saqlash va qayta tiklashda jahonning ilg‘or tajribalari atroflicha muhokama etildi. "O‘zbekiston arxeologiyasi: ekspeditsiya tadqiqotlari va rivojlanish istiqbollari", "Tarixiy rekonstruksiya va madaniy-tarixiy qamrov – tajriba va kelajak istiqbollari", "O‘zbekistonning madaniy merosi Italiya to‘plamlarida", "O‘zbekistonning madaniy merosi AQSH va Kanadadagi shaxsiy kolleksiyalarda" kabi ma’ruzalar, video-roliklar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan birga, "Hindiston Milliy muzeyida O‘zbekistonning madaniy merosi”, “Rampur Raza kutubxonasi fondidagi O‘zbekiston qo‘lyozmalari”, “So‘g‘diyona – Ipak yo‘lining yuragi ” turkumidagi yangi kitob-albomlarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Darhaqiqat, asrlar osha tarixiy jarayonlarning turli silsilasida diyorimiz o‘tmishi, allomalar merosiga oid asarlar, kitob va qo‘lyozmalar, tarixiy ashyolar har xil yo‘llar bilan jahonning bir qator mamlakatlaridagi kutubxonalar, muzeylar, shaxsiy to‘plamlarga chiqib ketgan. Beruniy, Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Farobiy, Farg‘oniy, Navoiy, Bobur va boshqa ko‘plab allomalarimizning insoniyatga qoldirgan benazir ma’naviy merosi, ilmiy qarashlari jahon olimlari tomonidan hali-hamon o‘rganilyapti. Bu meros ilm-fandagi turli yo‘nalishlarga ham o‘ziga xos turtki bo‘lmoqda.

Afsuski, ayni paytda xorijdagi har qaysi muzey va muassasalar ham ular haqida ma’lumot taqdim etavermaydi.

Demoqchimizki, madaniy boyliklarimizning faksimile ko‘rinishlarini yurtimizga keltirish katta zahmat, mehnat, fidoyilik, mablag‘larni, izlanishni talab etadi. Muhimi, bu boradagi barcha ezgu tashabbuslar davlatimiz rahbari tomonidan boshlab berildi va mazkur yo‘nalishdagi izlanishlar turli ilmiy loyihalar, tadqiqotlar, izlanishlar olib borish, qimmatli ma’lumotlarga ega kitob-albomlarni nashr etish, olimlar hamkorligiga keng yo‘l ochish tarzida izchil davom etmoqda.

Qo‘limizdagi bor manbalarni chuqur o‘rganish, asrab-avaylash, buyuk tariximiz, ajdodlarimiz, ular qoldirgan merosning qadriga yetish, unga munosib bo‘lish esa o‘zimizga bog‘liq.

Nazokat USMONOVA, O‘zA