Riga shahrida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi ko‘magida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Latviyaning yetakchi sayyohlik agentliklari va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidentining “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” tashabbusi hamda Buxoro, Toshkent, Xiva kabi shaharlarimizning tarixiy-madaniy merosi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Bunday tadbirlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro qiziqishni oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Latviyalik sayyohlik operatorlari O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuksak baho berdi.
Davra suhbati doirasida O‘zbekistonning Latviyadagi turizm brendi elchisi etib tayinlangan Vladimir Koryaginga maxsus sertifikat topshirildi.
Tadbir yakunida sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish, shu jumladan yaqin vaqt ichida Boltiqbo‘yi mamlakatlarining turistik kompaniyalari vakillari uchun O‘zbekistonga info-tur tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA