Bugun Qozog‘istonning Ostona shahrida “Astana Mining & Metallurgy” 15-yubiley xalqaro kon-metallurgiya kongressi o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli anjumanda dunyo bo‘ylab kon-metallurgiya sohasiga oid ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish, sohadagi dolzarb muammolar hamda istiqbolli yechimlarni muhokama qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yubiley anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i M.Bolibekov hamda “Mineral resurslar instituti” davlat muassasasi direktori M.Isoqov ishtirok etmoqda.

Anjuman doirasida tashkil etilgan “Xalqaro hamkorlik: Geologiya xizmatlari yig‘ilishi” deb nomlangan panel sessiyasida vazirlik delegatsiyasi vakillari mamlakatimizdagi kon-geologiya sohasida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot bilan ishtirok etdi.
- Bunday anjumanlar nafaqat ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish, balki sohadagi innovatsion yondashuvlarni o‘rganish va amaliyotga joriy etish uchun muhim maydon hisoblanadi. Biz taqdimotimizda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kon-geologiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar, zamonaviy geologik tadqiqot texnologiyalari hamda xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar haqida ma’lumot berdik. Bu sohada xalqaro muloqotni yanada chuqurlashtirishga ehtiyoj ortib bormoqda, - dedi “Mineral resurslar instituti” direktori M.Isoqov.
Shuningdek, kongress doirasida xalqaro ko‘rgazma ham tashkil etilgan bo‘lib, unda 13 mamlakatdan 40 dan ortiq kompaniya o‘zining kon-metallurgiya mahsulotlari va texnik yechimlarini namoyish etmoqda.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur kongressda O‘zbekistonning faol ishtiroki mamlakatimizdagi geologiya va tog‘-kon sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jahon bozoridagi raqobatbardoshligi va xalqaro hamkorlikka tayyorligini yana bir bor namoyon etdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA